воскресенье, 30 декабря 2012 г.

Bayramni Hindistonda kutib olamiz


Davron TO‘XTABOYEV, Hindistonning Karnataka shtatida joylashgan Maysur universitetida tijorat-savdo yo‘nalishi bo‘yicha tahsil oladi:
— 1992 yil Andijon viloyati Izboskan tumanida tug‘ilganman. 2011 yilda Hindiston Konsulligining «Hind-O‘zbek madaniy aloqalar» dasturi bo‘yicha grant sohibi bo‘lib, xorijda o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ldim. Men tahsil olayotgan shtatda O‘zbekistondan uch kishimiz xolos. Ozchilik bo‘lishimizga qaramasdan milliy bayramlarimizni bu yerda birgalikda nishonlaymiz. Bu yilgi Navro‘zni ham ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazishni rejalashtiryapmiz. Hammamizga ma’lumki, Navro‘z faqat O‘zbekistonda emas, balki ko‘pgina davlatlarda ham bayram qilinadi. Shuni hisobga olib, bayramni talabalardan iborat turli millat vakillari bilan nishonlamoqchimiz. Ming afsuslar bo‘lsinki, bu yerda sumalak yoki ko‘k somsa tayyorlashning iloji yo‘q. Lekin bunaqa bayramlar bizning shoh taom, ya’ni palovsiz o‘tmaydi. Va albatta bu osh «anjanchasiga» bo‘ladi.
Umrimda birinchi marta Nav­ro‘zni boshqa joyda kutib olyapman. Baribir yurtimizga yetmaydi. Sumalak atrofida o‘ynab, bahor taomlaridan tatib, oila, mahalla davrasida nishonla­ganning gashti boshqacha-da. Gulruh (o‘zbekistonlik magistrant)ning aytishiga qaraganda, ular o‘tgan yili o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, turkman, tojiklar o‘zlarining milliy taomlaridan tayyorlab, bir dasturxon atrofida yig‘ilib, Navro‘zni bayram qilishgan ekan. Dehlidagi do‘stimning gaplariga ko‘ra, u yerda O‘zbekis­tonning Hindistondagi elchi­xonasi tomonidan Navro‘z bayrami o‘tkaziladi. Buni eshitib ularga havasim keldi. Nav­ro‘zni yurtimiz nafasi ufurib turgan go‘shada nishonlashga nima yetsin?!
Shu o‘rinda bir voqea yodimga tushdi. 2009 yil Toshkentda Nav­ro‘zga bag‘ishlangan «Milliy odat, urf-an’analar» festivalida Jahon iqtisodiyoti va diplo­matiyasi universiteti qoshidagi Shayxontohur akademik litseyi nomidan qatnashib, jamoa­miz bilan faxrli oliy o‘rinni qo‘lga kiritgandik. O‘shandagi quvonch va hayajonlarimni so‘z bilan ifodalay olmayman.
Kirib kelgan Navro‘z bayrami bilan barcha yurtdoshlarimni chin qalbimdan qutlayman. Barchani yil bo‘yi bahoriy kayfiyat tark etmasin. Oilalarga tinchlik, dasturxonlarga qut-baraka tilayman. Barcha-barcha ush­bu bayramni mehrga to‘la qalblar bilan hamjihatlikda o‘tkazishini istayman. Yana bir bor Navro‘z ayyomi muborak!
Temur XUDOYBERDIEV
tayyorladi.

суббота, 29 декабря 2012 г.

Do'stlarimga!


Kunlar o'tar, ortidan yillar ham o'tar,
Kimdir kelgan zamon, kimlardir ketar.
Kimdir otasini kuzatgan mahal,
Yana kimdir mehmon bolasin kutar,
Eh dunyo ajoyib, hayot ajoyib!

Hamma o'zi bilan o'zi ovvora,
Yashash shunday ekan, boshqa na chora?
Hayot o'yiniga chalg'ib har mahal,
Xabar ham olmaymiz do'stdan bir bora.
Eh dunyo ajoyib, hayot ajoyib!

Ba'zida kimgadir zor bo'lar kishi,
Ba'zilar yo'qlaydi tushganda ishi
Do'stlardan yiroqda yurgan biladi,
Hatto dalda bo'lar ko'rgan bir "tushi",
Eh dunyo ajoyib, hayot ajoyib!

Xullas, senga aytar so'zim shu do'stim -
Qadringga yetganni, qadrla sen ham.
Xatolaring kimdir aytgan bo'lsa gar,
Demak, e'tiborsiz emas shul odam.

Beaybdir faqat yaratgan Alloh,
   Hech bir inson emas obid-begunoh...! 

  05.02.2012                     D. To'xtaboyev