пятница, 24 мая 2013 г.

Hindiston musulmonlari


           Hindiston musulmon aholisi soni bo’yicha jahonda Indoneziya va Pokistondan keyingi uchinchi eng yirik davlatdir. Lekin bir vaqtning o’zida, hind musulmonlar mamlakat aholisiga nisbatan dunyodagi eng ozchilik jamiyatdir. Ammo ba’zi ma’lumotlarga ko’ra, Hindistonning muslim aholisi Pokistonnikiga nisbatan ko’proq deyiladi. Butun aholining 15% qismi, ya’ni 177 milliondan ortiq nafari musulmonlarni tashkil etadi. Bu ko’rsatgich so’nggi o’n yil ichida 40 millionga oshgan. The Economist saytining xabar berishicha, Hindiston musulmonlari soni keyingi 20 yil ichida 236 millionga yetadi va bu ko’rsatgich dunyoning eng yirik musulmon aholisiga ega bo’lgan davlat - Indoneziya bilan raqobatlasha oladi.
           Hindistonga ilk bor Islom dini VII asrning o’zidayoq arab savdogarlari orqali kirib kelgan. Keyinchalik XII asrda turklar orqali keng yoyilgan bo’lsa, XVI asrda Boburiylar sabab Islom yanada chuqurroq rivoj topgan.
           Musulmon aholi Hindistonning asosan shimol va shimoliy-sharqiy hamda janubiy-g’arbiy qismlarida eng zich yoyilgan (o’rtacha 20% dan 30% gacha va ba’zi hududlarda 80% ortiq) va qolgan barcha hududlarda 10% gacha aholini tashkil qiladi.
           Shimoldan janubga qarab musulmonlarning ijtimoiy-iqtisodiy qatlamida o’sishni kuzatish mumkin. Shimolda muslim aholining umumiy yashash darajasi o’rtacha daromadga ega oilalardan past. O’tgan o’n yilliklarga nisbatan mamlakatda musulmonlarning ijtimoiy-iqtisodiy yashash standartlarida o’sish kuzatiladi. Lekin shunga qaramay, umumiy muslim aholining katta qismini kambag’allar tashkil qiladi. Agar qo’shni Pokiston musulmonlarining umumiy yashash darajasi bilan Hindiston musulmonlarini solishtiradigan bo’lsak, ohirgi ma’lumotlarga ko’ra, Hindistonda yaxshiroq yashashadi.

Ramazon hayiti. Agra
           Hukumatda ham musulmonlardan kamchilik o’rin egallagan.  Biroq muslim liderlarining o’rni Hindistonning davlatchilik rivojida ulkan o’rin egallaydi. Xususan, hozirga qadar mamlakatning 3 ta Presidenti: Zakir Hussain, Fahriddin Ali Ahmad va A.P.J Abdul Kalamlar musulmonlardan bo’lgan.  Mustaqillikdan buyon, Hindiston Oliy Sud Raisi vazifasida ham bir nechta musulmonlar faoliyat yuritishgan.
Hozirgi kunda musulmon vakillaridan Hindistonning yuqori davlat amaldorlariga Hamid Ansari (Vitse Prezident) va  S.Y. Quraishi (Markaziy Saylov Komissiyasi raisi)larni misol keltirish mumkin. Ayni damda hukumatda muslim vazirlar, kabinet kotiblari, deputatlar (parlamentda) va siyosatchilar faoliyat yuritishmoqda.
Musulmonlarning sport, ilm-fan, texnika rivojidagi o’rni ham sezilarli darajada ortib bormoqda.
          Shuni albatta aytib o’tish kerakki, Hindistonning yirik daromad manbalaridan biri bo’lgan film sanoatida ham muslimlarning o’rni beqiyos. Hammamizga ma’lum Bollywood yulduzlari Shohruhxon, Salmon Xon, Amir Xon, Saif Ali Xon va Imran Hashmilar shular jumlasidandir.
          Shuningdek, iqtisodiy faoliyati bilan mamlakat rivojiga ulkan hissa qo’shayotgan musulmonlar ozmuncha emas. Ulardan eng mashhurlaridan biri Azim Premji bo’lib, Hindistonning uchinchi eng yirik IT Kompaniyasida CEO (Chief Executive Officer) vazifasida ishlaydi. U mamlakatning 5-eng boy shaxsi bo’lib, uning boyligi $17,1 mlrd ni tashkil etadi.
Musulmonlarning dinga munosabati:
          Musulmonlar mamlakatda hindulardan keyingi ikkinchi yirik qatlam bo’lib, aholi orasida Islom va hind madaniyati qorishib ketgan. Shahar va qishloqlardagi yuzlab hinduizm ibodatxonalari qatori masjidlarni ham tez-tez uchratish mumkin. Hindiston dunyoda masjidlar soni bo’yicha eng yirik  mamlakat bo’lib, ular soni 300 mingdan ortiqni tashkil etadi. Uzoqqa bormayman, mana shu men yashayotgan Maysur shahrining (Toshkentdan salkam 3 barobar kichik) o’zida 165 dan ortiq ro’yhatdan o’tgan, markazga bo’ysunuvchi masjidlar faoliyat yuritadi. Agar namoz vaqtida asosan muslimlar yashovchi hududlarga o’tib qolsangiz, atrofdan kelayotgan o’nlab azon tovushlari bilan zavqlanishingiz mumkin!

Hayit namozi. Juma masjid, Dehli
          Hindistonda musulmonlarning asosiy qismini sunniylar tashkil etadi. Ulardan Hanafiy mazhabidagilar eng ko’pchilikdir (Delhi, Karnataka, Jammu Kashmir, Maharashtra, Haydarobod, Uttar Pradesh, Kashmir va G’arbiy Bengal). Kerala shtati va Lakshadvipda asosan shofiylar yashasa, Gujarot shtatida musulmonlarning asosiy qismi Imom Molik r.a ergashuvchilaridir.
          Shialarning ulushi musulmonlarning taxminan 10-15% qismiga to’g’ri keladi.
          Mamlakatda musulmonlarning ko’p qismi sunnat va boshqa amallarga qat’iy rioya etadilar (Practicing muslims). Shuning uchun, ko’p hollarda odamlar orasidan musulmonlarni ajratib olish qiyin emas: yo sunnat libosda, yo soqol qo’ygan va yo do’ppi kiyib yurgan bo’lishadi.
          Hindistonda ko’plab Islomiy o’quv yurtlar: universitetlar, institutlar, maktab va madrasalar mavjud. Ulardan eng yiriklari butun olamga mashhur ikki Dorul Ulum: “Dorul Ulum Deoband” va “Dorul Ulum Nadvatul Ulama”lar asosan diniy olimlar, qori va ulamolar tayyorlasa, Aliah Universiteti (Kalkota). Aligarh Muslim Universiteti (Aligarh), Darul Huda Islom Universiteti (Kerala), Jamiya Milliya Islamiya Universiteti va boshqa bir qancha oily o’quv yurtlari dunyoviy ilm sohalaridan dars berishda ham yetakchi o’quv dargohlaridan hisoblanadi.