четверг, 12 апреля 2012 г.

Nihoyat manzilimga yetdim (3)


            <-Boshi. Davomi: Maysur tomon avtobusda ketmoqdaman. Tezroq yetib borishni, universitetim joylashgan, o’zim kelasi uch yil davomida yashaydigan shaharni tezroq ko’rgim kelardi…
            Narsalarimni avtobus yukxonasiga qo’yganim uchun aynan o’shani ro’parasiga o’tirdim, oynadan qarab ketishga (kim biladi deysiz, hali hindlarni qanaqaligini bilmasam, “egalari” chiqib qolmasin dedimda J). Xullas oynadan tashqarini tomosha qilib borardim: kilometrlarga cho’zilgan palma va kakos yong’og’i o’rmonlari, ular orasida har-har zamonda Mc Donald’s, KFC, Café Day restoranlari ko’zga tashlanardi. O’nlab qishloqlar va kichik shaharchalar bilan birga, ba’zan ko’zlarim harobaga aylangan mahallalarga, yashashni tasavvur qilib bo’lmaydigan kulbalarga tushardi. Daxshat! Qayerga ketyapman o’zi ???
           Uch soatlik yo’ldan so’ng nihoyat Mysore shahriga kirib keldik...
Yana, yana, yana kutvoladigan odam yo’q… Bangalorda aytishgandi, O’rta Osiyolik talabalar kutib oladi deb… 10-15 daqiqalar joyimdan jilmasdan kutdim. Kutvoluvchilardan darak bo’lmagach, avtovokzalni 2-3 marta aylanib chiqdim. Ko’chadagi telefon apparatidan janob Gopal bergan raqamga qo’ng’iroq qildim. Bir qiz oldi. O’zimni tanishtirganimdan so’ng u menga hech qayerga jilmasligimni, Jamshid ismli tojikistonlik bola meni kutvolishga ketganini aytdi. Birozdan so’ng u yetib keldi. Uniyam doimgidek o’zim kutib oldim. Vey yurtdan uzoqdaligingizda ko’zingizga ko’pchilik o’zbekka o’xshab ko'rinarkan J U ham xuddi o’zbekka o’xshardi. U meni ko’rdi-yu:”Hindistonning ikkinchi eng toza shahriga xush kelibsan”- dedi ruschalab. Xursand bo’ldim, chunki bu Hindistonda katta ahamiyatga ega J … (Keyinchalik Hindistonning ko’plab shtatlarida, shaharlarida bo’ldim. Maysur boshqacha shahar. Bunga keyingi sahifalarda albatta batafsil to’xtalaman)

Mysore Avtovokzali

              Boshimga tushgan “qaro kunlar” endi boshlandi… O’sha bittagina bo’lgan o’zbek qiz ham aynan men kelgan kunim O’zbekistonga qaytibdi. Jamshid meni boshqa bir tojikistonlik Abdulloh deganning uyiga olib bordi. O’sha yerda menga uy topilguncha turadigan bo’ldim. Hali narsalarimni joylamasimdan ular meni bir qo’shnisinikiga olib chiqishdi. Ixchamgina qurilgan ajoyib uy. O’sha uyning birinchi qavatida uchta maxsus ijara uchun alohida-alohida qurilgan xonalar bor edi. Ulardan birini menga gaplashib berishdi. 

O’sha kunni o’zidayoq ba’zi narsalarni sotvoldik. Tunga yaqin o’zimni juda yomon xis qila boshladim. Ishtaha yo’q. Xuddi butun dunyodan ajrab qolgandekman. Atrofimda hech kimni tanimayman. Hech kim o’zbekcha gapirmaydi. Uydagilarga telefon qilib yetib kelganimni aytib qo’yishim kerak edi. Mobile Agent orqali dadamning qo’l telefoniga sms yubordim. O’sha tojikistonlik bolaning nomerini yuborib qo’ng’iroq qilishligini yozdim (o’zim ba’zi hujjatlarim tayyor bo’lmaguncha nomer sotib ololmaskanman). Birozdan so’ng dadam telefon qildi. Avvaliga yaxshi ohangda gapirdim-u, ozgina muddat unim chiqmay qoldi. Nimadir bo’g’zimga tiqilib qolgandek bo’lardi – ortiq gapira olmayman. Dadam holatimni tushundi-yu, endi hammasiga chidab o’qishimni, menga hammalari ishonishini, boshida hamma joyda ham qiyinchiliklar bo’lishini, bir-ikki oyda barchasiga ko’nikib ketishimni, o’zi Qora Dengizda armiyada uch yil yolg’iz o’zbek bo’lib xizmat qilganligini aytdi. Eng alam qiladigani - men buyoqda jimib qolganim sari Abdulloh baland ovozda ustimdan kulardi. O’zimni g’alati muhitga tushib qolgandek sezdim. Dadam bilan gaplashib bo’lganimdan so’ng u menga “nasihat”lar qilardi:”O’zing tanlagansan, kim senga buncha uzoqni tanla dedi? Do’stlaring bor joyga borgin edi. Ha mayli, ko’nikib ketarsan, Gulruh kelsa ancha yordam beradi senga…”. Har bir gapi ichimni tirnardi… 
Ertasiga yana do’kondan uyimga u-bu narsalar sotib oldik va o’sha kuniyoq meni ko’chirib olib chiqib qo’ydi. Yolg’iz o’zim, ikkinchi kunning o’zidan alohida yashay boshladim. Jamshid vaqti bo’lganda kelib muammolarimni yechishga, hujjatlarimni rasmiylashtirishda yordam berardi. Orada universitetga bordik. 
Mysore Universiteti
Ro’yhatdan o’tishning so’nggi kuni ekan. Biz ertalab borgandik tushlikdan so’ng kelishimizni aytishdi. Jamshidni ishi bor ekan, Abdullohga olib borib kelishini aytishimni ta’kidladi. Tushlikdan so’ng Abdullohga iltimos qildim, ko’nmadi. Unda telefon qilib berishini so’radim. "Pul ketadi",- dedi. O’sha pulni berishimni aytsam, avval to’lashimni aytdi. Shokka tushdim. Nahotki shu bir marta telefon qilib aytib qo’yishga pastlik qilsa?! Xullas u desam bu dedi, bu desam u. O’sha kuni borolmadim. Ertasiga ertalab Jamshid keldi. Hammasini aytdim. Biroz kuldi:”Ehhh shunchalikkayam boradimi?”- dedi u. Kollejga yana birga bordik. Kechagi kuni ro’yxatdan o'tish  allaqachon tugatilgan edi. Jamshid ICCR tashkilotiga telefon qilib hammasini hal qilib berdi.  So’ng uyimga tashladi-yu, ketdi. Darvozadan kirishim bilan bo’lgan voqealarni eslab, universitetning butun bakalavriat kursida mendan boshqa o’zbek yo’qligini, bundan buyog’iga balkim bir yilgacha yolg’iz yashashligimni o’ylab ho’rsinib ko’zimdan yosh chiqib ketdi. Uy egasi holatimni ko’rib orqamdan xonamga kirdi. Nima muammoyim bo’lsa aytishimni, bular doimo yordamga tayyor ekanligini, har qanday vaziyatda telefon qilishim mumkinligini aytib tinchlantirgandek bo’ldi. 
Baxtimga bakalavriat kursida Qozog’istondan talabalar bor ekan. Yana uchta yangi kelgan. Xullas, ular bilan birga-birga o’qishni boshlab ham oldik.

воскресенье, 8 апреля 2012 г.

Bangalore safari (2)


        <-Boshi. Davomi: New Delhi aeroportining mahalliy terminalidan uchgan reys bilan Bangalorga, o’sha mening universitetim joylashgan shtat markaziga ketyapman. Samolyot saloni judayam sovuq edi. Qani endi uxlab qolsam-u, mana shu sovuqni sezmasam. Ikki yarim soatlik parvozdan so’ng Bangalor xalqaro aeroportiga qo’ndik. Tashqari ham Delhiga nisbatan ancha sovuq edi. Yuklarimni olib terminaldan chiqishim bilan bir kishi to’g’ri men tomon  shahdam qadamlar bilan keldida, shartda qo’limdan tortib:”Ketdik” – dedi. O’zini tanishtirmagan, “tomdan tushgan” bu kimsa noan’anaviy tarzda kutib oldi. Biroz orqaga tisarildim:”Kimsiz?”. “O’zbekistonlikmisan? ICCR talabasi, to’g’rimi? Namuncha qo’rqasan? Senga o’xshaganlardan yuztasini kutvolaman yiliga…”. Yengil tortib u kishiga ergashdim. Yarim tunda kelganim bois mehmonxonaga emas, to’gri ICCR idorasiga olib bordi. Qabulxonadagi divanni ko’rsatib, ertalabgacha shu yerda dam olishimni aytdi. Ana bo’lmasam, bir kamim endi idorada uxlashim qolgandi. Katta sochig’imdan yopinchiq, ryukzagimdan esa yostiq sifatida foydalandim. Hayolimga ming xil fikrlar kelardi – nega keldim o’zi? O’zimizda tinchgina o’qib yursam nima bo’lardi?...

Yomg'ir mavsumida shaharning bir qismi

         8-iyul. Tong otdi. “Hammadan erta turdim” J Qorovul kelib, nimalardir dedi, tushunmadim. Qo’l harakatlaridan nonushta qilvolishimni ko’rsatayotgan edi. Tashqariga chiqib biroz aylandim. Yon-atrofdan yegulik sotiladigan joy topolmagach, “xonam”ga qaytib onam bergan narsalarni yeyishga tushdim (Delhida ham o’sha narsalardan yegandim xolos). 
Birin-ketin ishchilar kela boshladi. Hammasini yaxshi kutib oldim J ICCR bosh menejeri janob Gopal choy damlab keldi. Bunaqa mazzali choyni umrimda birinchi marta ichishim edi. Kotiba qiz bo’lsa Jak nomli ko’rinishidan anjirga o’xshash, mazasi qovunni eslatuvchi meva berdi. O’zimni yaxshi xis qila boshladim. Men ham O’zbekistondan olib kelgan pista-bodom, mayiz va onajonim yopgan nondan berdim.
         Birozdan so’ng talabalar kela boshladi. Hamma kelganlar bilan tanishib, gaplashib o’tirdim. Bir mahal ulardan biri menga o’zbekchada gapirib ketsa bo’ladimi. Quvonchim ichimga sig’may ketdi. Axir ikki kundan beri endi birinchi marta o’zbekchada gaplashishim edi. Ehh bundagi quvonchni tasavvur qilish qiyin… U avg’onistonlik o’zbeklardan ekan. O’zbekchasi biroz “eski” bo’lsada bemalol gaplashardi. Orada janob  Gopal men boradigan Maysur shahriga telefon qilib qirg’izistonlik Mars ismli bola bilan gaplashtirdi. U menga behavotir kelishimni, o’zbekistonlik bir qiz borligini, ruschada gaplashuvchilar esa judayam ko’pligini, hamma bir-biriga yordam berishini ta’kidladi. Endi ko’nglim tinchlana boshladi…

ITPL International Technology Park Limited

Bangalore Saroyi (Guttahalli deb ham ataladi)

         Tushlikka yaqin meni aeroportda kutib olgan shaxs yana mashinasida avtovokzalga olib bordi. Shahar juda katta, Delhidagi ahvolni bu yerda ham ko’rish mumkin edi. Lekin, ob-havo yomg’irlar mavsumi boshlanganligi sabab sovuqroq edi. Havosida ham hech qanday Delhicha hid yo’q. Lekin shahardagi transportlar ko’pligi bois biroz tutun ko’tarilgan edi. Keyinchalik bilishimga ko’ra bu shahar Hindistonning “Ilm va texnologiya” markazi ekan. Unda ko’priklar juda ko’p bo’lgani uchun “ko’priklar shahri” deb ham atasharkan. 


Lekin bu shaharda ham odamlar Hindiston desa hayoliga keladigan manzara yo’q emasdi. Yana xuddi o’sha tarozi – qaysidir ko’chalar judayam chiroyli, pokiza va zamonaviy binolarga boy bo’lsa, yana qaysilaridir “maxsus trans bekatlari”ga o’xshaydi. Har holda umumiy olib qaraganda Delhidan ancha toza va salqin shahar.

Ko'chalardan biri

Bangalore chetidagi mahallalardan biri

Mahatma Gandi ko'chasidan shaharning ko'rinishi
Bangalor metrosi (tashqi ko'rinish)

Shahardagi mashinalar tirbandligi

Shunday qilib, Bangalorni endi Maysur qanday shahar ekan degan o'y-fikrlar bilan tark etdim... davomi->


пятница, 6 апреля 2012 г.

Hindiston haqida ochiqchasiga! (1)


Salom. Asosiy maqsadga o’tishdan oldin sizlarga o’zimni tanishtirib o’tsam. Ismim Davron. 1992-yilda Andijon viloyatida tug’ilganman. 2008-yilda Andijonda maktabni tamomlagach, shu yili Toshkentdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti qoshidagi Shayxontohur akademik litseyiga qabul qilindim. 2011-yilning fevral-mart oylarida Hindiston Tashqi Ishlar Vazirligi qoshidagi Madaniy Aloqalar Konsullugining “Hind-o’zbek madaniyatlar almashinuvi dasturi” bo’yicha tanlovda g’olib bo’lib, Hindistonning Karnataka shtatidagi Maysur (Mysore)Universitetiga to’liq grant asosida o’qishga qabul qilindim. Shu universitetning B.Com (Bachelor of Commerce) kursida tahsil oldim.
              Ushbu post orqali sizlar Hindiston haqida ayni haqiqat faktlarni, qiziqarli ma’lumotlar, bu davlatning yaxshi va yomon taraflari, tabiati, aholisi va madaniyati, shaharlari, ulardagi yashash sharoitlari va boshqa o’z ko’zlarim bilan guvohi bo’lib, xolisona bildirgan fikrlarimdan voqif bo’lishingiz mumkin. Blogni ochishimning asosiy sababi ayrim yurtdoshlarimizning o'zi guvohi bo'lmasdan, faqatgina eshitganlarigagina tayanib bildirgan fikrlari va qarashlari bo’ldi.
 So’nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda berilgan Hindiston haqidagi ba’zi postlar va undagi qoldirilgan fikrlarni o’qib bu blogni albatta ochishim kerakligi haqida o’ylab qoldim. "Shamol bo’lmasa daraxtning uchi qimirlamaydi" - deydi dono xalqimiz. Albatta, men bunga mutlaqo qarshi emasman… Keling, hammasini bir boshidan boshlasak.

Hindistonga birinchi qadam…
 2011-yilning 6-iyuli. Indra Gandi nomidagi New Delhi xalqaro aeroporti… Aeropot juda ulkan edi. Toshkent xalqaro aeroportidan bir necha barobar katta. Undagi yaratilgan sharoitlar va xizmatlarga gap bo’lishi mumkin emasdi. Meni kutib olishi kerak bo’lgan odamning biroz kechikib kelganligi sababli ozroq havotirga tusha boshladim. Chunki shahar haqida hech qanday ma’lumotga ega emasdim, boradigan joyimning ham manzilini berishmagan edi… Uning ustiga o’sha men uchgan samolyotda ona-bola rus ayollar bilan birga kelgandim. Ular Hindistonda oldinlari bir necha bor bo’lishgan ekan. Butun parvoz bo’yi menga Hindiston haqida gapirib kelishdi:”Delhi judayam katta shahar. Harorat issiq, havosi dim, shaharda esa biroz yoqimsiz hid bor… Hech qachon tizimdagi (davlat tomonidan uzatilinuvchi) ichimlik suvidan ichma. Suv ichmoqchi bo’lsang faqatgina supermarketlardan sotib ol… Aholisi juda ham ko’p, ko’chalarda uxlaydiganlariyam bor…lekin sharoitlar zo’r, hamma joyda eng so’nggi rusumdagi texnologiyalardan foydalanishadi, ayniqsa, tibbiyot sohasi juda kuchli. Biz ham tibbiy muolaja olishga kelyapmiz. Operatsiya qildirishimiz kerak…” Xullas, o’sha ikki yarim soatlik parvoz deyarli Hindiston haqida gaplashib kelishga sarflandi. Bu gaplar meni faqatgina o’ylantirardi xolos, qanday qilib uch yil mana shu mamlakatda o’qiyman…?
Indra Gandi nomidagi New Delhi Xalqaro Aeroporti
Oradan chamasi bir soatlar vaqt o’tdi, haligi odamdan darak yo’q. Shu vaqt ichida ikki marta kutib oluvchilar turuvchi hududni aylangandek bo’ldim. Hayolimga turli fikrlar kelardi. Va nihoyat, uzoqdan bir yigitning qo’lidagi varoqda o’zimning ismim va rasmimni ko’rdim. Xursand bo’ldim-u, lekin meni shuncha kuttirganligi uchun rosa jahlim ham chiqardi. 
Aeroportning asosiy kirish qismi

Tashqariga chiqdik. Haqiqatan havo dim, issiq, biroz hid ham bor edi. Lekin menga oldinlari tasvirlaganlaridek qo’lansa hid emas!!! Shahar bo’ylab tunda borar edik. Juda uzoq vaqt taksida yurdik. Shahar chiroyli ko’rinarli, ayniqsa, tabiati… Mendan so’ng qo’ngan ikki qozoq qiz bilan birgalikda bizni ICCR (Indian Council For Cultural Relations)ning yotoqxonasiga olib borishdi. Darvoza oldida avtomat ko’targan xavfsizlik hodimlari turishardi. Albatta bu yotoqxonalar uchun notanish holat edi. Qizlarni avval 2-qavatga joylashtirdik, meni esa 1-qavatdagi bir xonaga. Xona katta edi, taxminan 15 talar atrofida ikki qavatlik krovat, 8-9 ta avg’on bolalar, bitta isroyillik va men. Avvaliga hech kim gapirmadi. O’zimni juda noqulay seza boshladim. Birozdan so’ng “welcome sir” degan ovozni eshitdim, 3-4 tasi unga qo’shilishdi. Ro’parada o’tirgan bola xuddi o’zbeklarga o’xshab ketardi. Unga o’zbekcha ohangda salom berdim. Afsus… Ularni ichida ingliz tilini ham yaxshi biluvchilar menimcha yo’q edi. Hammasi hind tilida tahsil olisharkan. O’sha kuni tunda ham yaxshi dam ololmadim. Kun issiq bo’lgani uchun shamollatgichni tagida yotdim. Yuklarimdan havotirda edim. Tunda oynadan tashqariga qarardim - qani biror kimsa ko’chada yotibdimikan deb…
Ertasi kuni tongda ICCR qabuliga qozoq qizlar bilan bordik. Ikkita universitetga (Puna va Maysur) qabul olgan edim. Punada tanish akaxonlar borligi sababli o’sha shaharni tanlamoqchi bo’ldim. Afsuski VISAmda allaqachon Maysur universiteti yozilib bo’lingan edi (buning uchun hozir shukur qilaman, bu haqda keyingi sahifalarda to'xtalaman).
       Mobil telefonni shu yerdan sotib olishni rejalashtirgandim. Favqulotda Toshkentga qo'ng'iroq qilish kerak bo’lib qoldi. Bir amallab “sheriklarim” orqali telefon qildim. Ular menga faqatgina direktor yordam bera olishini, u shaxs hozirda Delhidaligi, uning aloqa nomerini esa mening elektron pochtamga yuborishlarini aytishdi. Endi telefon olish kerak! Kimdan yordam so’rayman? O’sha o’zbek yuzli boladan iltimos qildim va u rozi bo’ldi. Mana eeendi shaharni aylanish boshlandi.
Delhi bo’ylab “sayohat”
 Ko’chadan riksha ushladik. Shahardagi notanish hidga deyarli o’rganib bo’lgandim. Yo’llarda turli xil odamlarni uchratdim. O’sha aytganlaridek ko’chada yashaydiganlar ham yo’q emasdi. Ariqlar toza ahvolda emas. Har qayoqqa shoshayotgan odamlar, kimdir elegant kiyingan bo’lsa, yana kimdir bechorahol. Juda ham gavjum shahar, ulkan va zamonaviy binolardan tortib, kichik-kichik o’rtacha va  yomon ahvoldagi imoratlar. Butun shahar bo’ylab qurilish, bunyodkorlik ishlarini ko’rish mumkin edi. Yo’llar tekis. Aholi juda ham ko’p bo’lganligi sabab transport tiqilinchini gapirmasa ham bo’ladi, Kilometrlarga cho’zilgan avtomobillar tirbandligi. Shu sababli shahar ko’chalarida ko’priklar soni juda ham ko’p edi.  Mahalliy transport vositalari(avtobuslar)ning ahvoli chatoq edi.
New Delhidagi avtomobillar tirbandligi


Eski Delhi ko'chalaridan biri
Shaharning har joyi turlicha. Qaysidir joylarda juda ham toza, zamonaviy inshoatlarni uchratsang, yana qaysidir hududda buzilib yotgan yoki yangi qurilayotgan binolarni ko’rish mumkin edi. 






Qayerlargadir termulib havasing ortsa, yana qayerlargadir qarashga ta’bing tortmaydi… Xullas, 2-3 ta bozorni aylanganimizdan so’ng aloqa vositasini sotib oldim. Ha aytgancha, birinchi marta rikshada aylanganim menga juda maroqli tuyilgan. ICCRga qaytdik. Ular endi Bangalor shahriga bilet sotib olishimni va uning nusxasini bularga topshirib ketishimni aytishdi. Haqiqiy tashvish endi boshlandi. Haligi avg’on bola ham ketgan edi. Ular menga agar temir yo’l chiptasini sotib olsam arzonroq tushishini aytib manzilni berishdi. U yerga metro orqali borilarkan. New Delhi Metrosi. Juda ham ulkan tizimdagi metro. Kuniga 2 millionga yaqin yo’lovchilarga xizmat qiluvchi bu metro 6 ta yo’l va 142 ta bekatga ega ekan. Menga yaqin bekatga kirishim bilan platformada poyezd turganini ko’rib qaysi tarafga ketishidan qat’iy nazar chiqishga qaror qildim J Adashmabman. To’g’ri yo’nalish. Bekatlar ancha zamonaviy qurilgan, poyezdlar esa ayni metrobop. Hatto ovozi ham eshitilmaydi.
Sariq yo'l


 Lekin poyezdga chiqishim bilanoq hamma menga ajablanib qarardi, negadir o’zim ham nimadir noto’g’riligini xis qila boshladim. Bir bekat yurganimizdan so’ng eshiklar ochilganda tashqarida turgan ayol menga keyingi vagonga chiqishimni, bundan faqatgina ayollar foydalana olishini aytdi. Atrofga qaradim. Bitta men erkak. Biroz jahlim chiqib turgani bois e’tibor bermadim, yo’limda davom etdim. Buning ustiga orada o’sha vagondagi bir qiz bilan tanishib qoldim. Undan yordam so’raganimda, u ham o’sha men ketayotgan bekatga borishi aytdi. Tayyor yo’lboshlovchini kim ham qo’ldan chiqarardi?!
Shunday qilib, “New Delhi railway station” bekatiga keldik. Tashqaridan “tabiati” yoqimsiz ko’ringan ushbu binoga kirdim…kirdim-u, Bangalorga samolyotda uchishga qaror qildim… Yuzlab odamlar va o’nlab platformaga ega bu stansiya menga “xavfli” tuyildi. O’nlab odamlar polda yotishardi, hatto ba’zilarining yuzida chivinni ham ko’rish mumkin…Xullas, bu yerdan qochdim J
New Delhi Stansiyasi

Bekatga qarama qarshi tarafning ko'rinishi

Rikshachilardan yaqin atrofdagi aviakassaga eltib qo’yishlarini so’radim. Bir “officega” bordik. Ko’rinishidan kichkina va ko’rimsiz bo’lgan bu binoda aviachipta sotilishiga avvaliga ko’zim yetmadi. Kompyuterdan menga narxni ko’rsatdi va chegirma qilib berishiniyam aytdi. Hayron bo’ldim. Ular xuddi meni aldashayotgandek tuyilardi. Pasportimga qarab ma’lumotlarni kiritdi va qo’limga bir varoq qog’oz berib mana shu chiptaligini aytdi. Eeendi rostanam “kiydirishyapti” deb o’yladim, qayerdan bilaman online buyurtma qilingan (elektron) chipta bunaqa bo’lishini J Reys aynan o’sha kunga, 4 soatlardan keyin uchadigan edi. Shoshilib ICCR tomon otlandim. Bilet nusxasini berib, yuklarimni olishim kerak edi. Eng katta muammo oldimda turganini sezdim – kelgan manzilimni bilmaymanku! Rikshachilardan ICCR ni so’rasam hech kim bilmaskan, achinarlisi metroga chiqqan bekatimni otini ham bilmasdim, 2 ta bekatdan so’ng yozib olgandim – “Mandi House Station”. Haydovchilarga aytsam, “O’sha bekatdan 2 ta pastgami yoki yuqoriga?” – deb so’rashdi. Qayerdan bilaman??? Salkam 4 soatdan so’ng uchishim kerak… O’sha Mandi House ga olib borishini so’radim. Yana o’sha mashinalar tirband ko’chalar, atay qilgandek ba’zi “kalta” yo’llardan yurganimizda yo’lning o’rtasidan ta'mirlov ishlari ketayotgan ekan… O’sha ICCRdan metro tomon ketayotganimda yaqin atrofda Jahon sog'likni saqlash tashkilotining Janubiy Osiyo filialiga ko’zim tushgandi. Yo’lda dabdaba bilan rasmiy kiyingan kishiga ko’zim tushdi-yu, u kishini o’sha binoni bilishiga ishondim. O’ylaganimdek bo’ldi, yo’lni rikshachiga tushuntirib berdi... ICCRga kelib kerakli hujjatlar nusxalarini topshirdim va yotoqxonadan yuklarimni olib ko'chaga chiqdim. Riksha to'xtatsam 150 rupiya so'radi. Men 100 rupiya berishimni aytgandim ketib qoldi. Keyin boshqa haydovchilar bilan 150 rupiyaga ham hech kelisha olmasamda! Ohiri 200 rupiyaga kelishdim :)
Xullas, shunday qilib hammasiga ulgirdim. Aeroportga ham vaqtida keldim. O’sha kuni juda katta charchoq bilan Delhini tark etdim… davomi->