четверг, 12 апреля 2012 г.

Nihoyat manzilimga yetdim (3)


            <-Boshi. Davomi: Maysur tomon avtobusda ketmoqdaman. Tezroq yetib borishni, universitetim joylashgan, o’zim kelasi uch yil davomida yashaydigan shaharni tezroq ko’rgim kelardi…
            Narsalarimni avtobus yukxonasiga qo’yganim uchun aynan o’shani ro’parasiga o’tirdim, oynadan qarab ketishga (kim biladi deysiz, hali hindlarni qanaqaligini bilmasam, “egalari” chiqib qolmasin dedimda J). Xullas oynadan tashqarini tomosha qilib borardim: kilometrlarga cho’zilgan palma va kakos yong’og’i o’rmonlari, ular orasida har-har zamonda Mc Donald’s, KFC, Café Day restoranlari ko’zga tashlanardi. O’nlab qishloqlar va kichik shaharchalar bilan birga, ba’zan ko’zlarim harobaga aylangan mahallalarga, yashashni tasavvur qilib bo’lmaydigan kulbalarga tushardi. Daxshat! Qayerga ketyapman o’zi ???
           Uch soatlik yo’ldan so’ng nihoyat Mysore shahriga kirib keldik...
Yana, yana, yana kutvoladigan odam yo’q… Bangalorda aytishgandi, O’rta Osiyolik talabalar kutib oladi deb… 10-15 daqiqalar joyimdan jilmasdan kutdim. Kutvoluvchilardan darak bo’lmagach, avtovokzalni 2-3 marta aylanib chiqdim. Ko’chadagi telefon apparatidan janob Gopal bergan raqamga qo’ng’iroq qildim. Bir qiz oldi. O’zimni tanishtirganimdan so’ng u menga hech qayerga jilmasligimni, Jamshid ismli tojikistonlik bola meni kutvolishga ketganini aytdi. Birozdan so’ng u yetib keldi. Uniyam doimgidek o’zim kutib oldim. Vey yurtdan uzoqdaligingizda ko’zingizga ko’pchilik o’zbekka o’xshab ko'rinarkan J U ham xuddi o’zbekka o’xshardi. U meni ko’rdi-yu:”Hindistonning ikkinchi eng toza shahriga xush kelibsan”- dedi ruschalab. Xursand bo’ldim, chunki bu Hindistonda katta ahamiyatga ega J … (Keyinchalik Hindistonning ko’plab shtatlarida, shaharlarida bo’ldim. Maysur boshqacha shahar. Bunga keyingi sahifalarda albatta batafsil to’xtalaman)

Mysore Avtovokzali

              Boshimga tushgan “qaro kunlar” endi boshlandi… O’sha bittagina bo’lgan o’zbek qiz ham aynan men kelgan kunim O’zbekistonga qaytibdi. Jamshid meni boshqa bir tojikistonlik Abdulloh deganning uyiga olib bordi. O’sha yerda menga uy topilguncha turadigan bo’ldim. Hali narsalarimni joylamasimdan ular meni bir qo’shnisinikiga olib chiqishdi. Ixchamgina qurilgan ajoyib uy. O’sha uyning birinchi qavatida uchta maxsus ijara uchun alohida-alohida qurilgan xonalar bor edi. Ulardan birini menga gaplashib berishdi. 

O’sha kunni o’zidayoq ba’zi narsalarni sotvoldik. Tunga yaqin o’zimni juda yomon xis qila boshladim. Ishtaha yo’q. Xuddi butun dunyodan ajrab qolgandekman. Atrofimda hech kimni tanimayman. Hech kim o’zbekcha gapirmaydi. Uydagilarga telefon qilib yetib kelganimni aytib qo’yishim kerak edi. Mobile Agent orqali dadamning qo’l telefoniga sms yubordim. O’sha tojikistonlik bolaning nomerini yuborib qo’ng’iroq qilishligini yozdim (o’zim ba’zi hujjatlarim tayyor bo’lmaguncha nomer sotib ololmaskanman). Birozdan so’ng dadam telefon qildi. Avvaliga yaxshi ohangda gapirdim-u, ozgina muddat unim chiqmay qoldi. Nimadir bo’g’zimga tiqilib qolgandek bo’lardi – ortiq gapira olmayman. Dadam holatimni tushundi-yu, endi hammasiga chidab o’qishimni, menga hammalari ishonishini, boshida hamma joyda ham qiyinchiliklar bo’lishini, bir-ikki oyda barchasiga ko’nikib ketishimni, o’zi Qora Dengizda armiyada uch yil yolg’iz o’zbek bo’lib xizmat qilganligini aytdi. Eng alam qiladigani - men buyoqda jimib qolganim sari Abdulloh baland ovozda ustimdan kulardi. O’zimni g’alati muhitga tushib qolgandek sezdim. Dadam bilan gaplashib bo’lganimdan so’ng u menga “nasihat”lar qilardi:”O’zing tanlagansan, kim senga buncha uzoqni tanla dedi? Do’stlaring bor joyga borgin edi. Ha mayli, ko’nikib ketarsan, Gulruh kelsa ancha yordam beradi senga…”. Har bir gapi ichimni tirnardi… 
Ertasiga yana do’kondan uyimga u-bu narsalar sotib oldik va o’sha kuniyoq meni ko’chirib olib chiqib qo’ydi. Yolg’iz o’zim, ikkinchi kunning o’zidan alohida yashay boshladim. Jamshid vaqti bo’lganda kelib muammolarimni yechishga, hujjatlarimni rasmiylashtirishda yordam berardi. Orada universitetga bordik. 
Mysore Universiteti
Ro’yhatdan o’tishning so’nggi kuni ekan. Biz ertalab borgandik tushlikdan so’ng kelishimizni aytishdi. Jamshidni ishi bor ekan, Abdullohga olib borib kelishini aytishimni ta’kidladi. Tushlikdan so’ng Abdullohga iltimos qildim, ko’nmadi. Unda telefon qilib berishini so’radim. "Pul ketadi",- dedi. O’sha pulni berishimni aytsam, avval to’lashimni aytdi. Shokka tushdim. Nahotki shu bir marta telefon qilib aytib qo’yishga pastlik qilsa?! Xullas u desam bu dedi, bu desam u. O’sha kuni borolmadim. Ertasiga ertalab Jamshid keldi. Hammasini aytdim. Biroz kuldi:”Ehhh shunchalikkayam boradimi?”- dedi u. Kollejga yana birga bordik. Kechagi kuni ro’yxatdan o'tish  allaqachon tugatilgan edi. Jamshid ICCR tashkilotiga telefon qilib hammasini hal qilib berdi.  So’ng uyimga tashladi-yu, ketdi. Darvozadan kirishim bilan bo’lgan voqealarni eslab, universitetning butun bakalavriat kursida mendan boshqa o’zbek yo’qligini, bundan buyog’iga balkim bir yilgacha yolg’iz yashashligimni o’ylab ho’rsinib ko’zimdan yosh chiqib ketdi. Uy egasi holatimni ko’rib orqamdan xonamga kirdi. Nima muammoyim bo’lsa aytishimni, bular doimo yordamga tayyor ekanligini, har qanday vaziyatda telefon qilishim mumkinligini aytib tinchlantirgandek bo’ldi. 
Baxtimga bakalavriat kursida Qozog’istondan talabalar bor ekan. Yana uchta yangi kelgan. Xullas, ular bilan birga-birga o’qishni boshlab ham oldik.

10 комментариев:

  1. Davronbek blogizni o'qib, hindiston haqidagi bilimlarim bir pag'ona ko'tarildi. Barchasi live, o'z hayotizda sodir bo'lgani mani zeriktirib qo'ymadi. Postlariz jurnalistlardek e'tibor bilan yozilgan. Aeroportdagi, hind diyoriga birinchi bor qadam qo'yganizdagi hissiyotlarni anglagandek bo'ldim. Chipta olish uchun o'zingiz bilmagan shaxarda yo'l topib, uchishga oz qolganda bariga ulgurishiz, hind filmlarini eslatdi.:) Hindiston consuligida ularni bizni taomlar bilan mexmon qilganiz etiborimni tortdi. Vatanizdan olib kelgan taomlar o'sha lag'zada juda mazali tuyilib ketganiga hech ham shubxa qilmayman. Unwersiteda o'zbekisondan faqat o'zing bo'lishing qiyin albatda. Barcha qiyinchiliklarni yengib o'tib, Bizga aytib berishizdan barchasiga ancha ko'nikib qolgandursiz.
    Unwersitet hayoti haqidagi keyingi postlarizni kutib qolaman.

    P/s: O'qishlaringizga muofaqiyat! Hindiston haqida bilganlirzni biz bilan o'rtoqlashishni davom ettiravering!

    ОтветитьУдалить
    Ответы
    1. Tilaklar uchun rahmat kattakon. Ha aytganizdek, hozir ancha ko'nikib ketganmiz :) Albatta, yetkazishga harakat qilaman. e'tibor uchun ham rahmat!

      Удалить
  2. tanish holatlar..... blogga gap yoq. davom etavering.....

    ОтветитьУдалить
  3. uka gap y6 z6r qissa yozibsan, maza qilib 6qidim, havas qildim,

    ОтветитьУдалить
  4. Qoyil Davron, barakalla. Rostanam hayotiy voqea baribir hayotiyda. Boshlagan edim o`qiyman dib, tugatmasdan ketolmadim. Darsimga kechga qoldim, tez-tez darslaga kechga qolishga majbur qiling endi buyog`iga)))

    ОтветитьУдалить
  5. Judayam zo'r yozilgan. Mazza qilib o'qidi odam. Boshqa shtatlarga qilgan sayohatingiz haqida ham yozilganmi? Masalan, Goa va Mumbay haqida?

    ОтветитьУдалить