вторник, 15 января 2013 г.

Hindistonda Kumb Mela nishonlanmoqda


       Hindiston dunyoda eng ko’p bayramlar va festivallar nishonlanadigan davlatlardan biridir. Milliy va davlat bayramlaridan tashqari o’nlab diniy marosimlar shtatlardagi aholining etnik qatlami va diniy e'tiqodiga ko’ra turlicha nishonlanadi. Shunday bayramlar borki, ular ayni bir shtatdagina o’tkazilib, boshqalarida nishonlanmaydi. Hindularning asosiy festivallari bilan bir qatorda musulmonlarning Qurbon va Ramazon hayitlari, xristianlarning Rojdestvosi ham  butun mamlakatda umumxalq dam olish kuni sifatida e’lon qilinadi. Bayramlar rang-barang bo’lib, hammasi o’ziga xos usulda nishonlanadi. Hinduizm bayramlaridan misol qilib eng yiriklari – Divali, Holy, Ganesha kabilarni keltirish mumkin. Hozirgi sizlarga ta’riflab bermoqchi bo’lganim ham hinduizmdagi noyob bir festival bo’lgan Kumb Meladir.
     Kumb Mela har 12 yilda bir marotaba  Hindistonning Allahabad shahridagi Ganga va Yamuna daryolarining bir-biriga juda yaqin kelgan (qo’shilgan) joyida, daryo bo’yida nishonlanadi. Hind afsonalariga ko’ra, xudolar va yovuz kuchlar qandaydir ezgulik nektari uchun urushganida Allahabad, Nasik, Ujjain va Haridvar shaharlariga undan tomchilar tushgan va shuning uchun ham festival ayni shu shaharlarda o’tkazilar ekan. Unda qatnashuvchilar yalang’och holatda yurishadi va daryoda cho’milishadi. E’tiqodga ko’ra, bu yuvinish orqali ular gunohlaridan forig’ bo’ladilar va o’zlarini ruhan poklashadi.

Ziyoratchilar o'zlarini "poklamoqdalar"


      Ushbu diniy marosim sayyoramizdagi eng ko’p inson zoti bir joyga yig’iladigan hodisa bo’lib, umumiy hisobda 100 milliondan oshiq ziyoratchi ishtirok etadi.  2001-yilda o’tkazilgan festivalda asosiy cho’milish marosimida 40 milliondan ortiq hindular ishtirok etgan va o’shaning o’zidayoq shu vaqtgacha bo’lgan eng ko’p inson to’plangan hodisa rekordini yangilagan. Bu yilgi Kumb Mela har 144 yilda bir kelib, astrologik hisob-kitoblarga ko’ra 55 kun davom etadi. U 14-yanvar, dushanba kuni tunda yuz minglab ziyoratchilar bilan allaqachon boshlangan. Politsiyaning ma’lumotlariga ko’ra shu kunning o’zida tushga yaqin 7,5 million ishtirokchilar daryoda cho’milganlar.


     Allahabad shahri ma’muriyati ushbu marosimga katta tayyorgarlik ko’radi. Daryo bo’yida vaqtinchalik shaharcha barpo etiladi. Bu yil ham 243 ta doktori bilan 14 ta shifoxona hamda 40 000 dan ziyod hojatxonalar ziyoratchilar ixtiyoridadir. Shaharchaga yo’nalgan barcha yo’laklarda “Kumb Mela”ni xavfsiz o’tishini ta’minlash maqsadida tekshiruv apparatlari bilan birgalikda 30000 nafar politsiya va xavfsizlik xodimlari ishlab turibdi.
    Shaharchada o’n minglab chodirlar tikilgan. Yuzlab kichik gulxanlardan chiqayotgan tutunni uzoqdan ko’rish mumkin.
    Festivalda “Sadu” deb nomlanuvchi avliyolar ziyoratchilarga bezatilgan fillar, otlar va tuyalarda yurib yo'lboshchilik qilishadi.
Sadhu

    Marosim tashkilotchilariga Kumb Mela 11,5 milliard rupiya ($230 million)ga tushib, Hindiston savdo-sanoat palatalari assotsiatsiyasiga ko’ra bu pul bilan 120 milliard rupiyalik biznesni amalga oshirsa bo’larkan.
      Festival  55 kun davomida milliondan ziyod turistlarni ham o’ziga jalb qiladi.



Ashnaqa gaplar ;)

  

5 комментариев: