Salom. Asosiy maqsadga o’tishdan
oldin sizlarga o’zimni tanishtirib o’tsam. Ismim Davron. 1992-yilda Andijon viloyatida tug’ilganman. 2008-yilda Andijonda
maktabni tamomlagach, shu yili Toshkentdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya
universiteti qoshidagi Shayxontohur akademik litseyiga qabul qilindim. 2011-yilning
fevral-mart oylarida Hindiston Tashqi Ishlar Vazirligi qoshidagi Madaniy
Aloqalar Konsullugining “Hind-o’zbek madaniyatlar almashinuvi dasturi” bo’yicha
tanlovda g’olib bo’lib, Hindistonning Karnataka shtatidagi Maysur (Mysore)Universitetiga to’liq grant asosida o’qishga qabul qilindim. Shu universitetning B.Com (Bachelor of Commerce) kursida tahsil oldim.
Ushbu post orqali sizlar Hindiston haqida
ayni haqiqat faktlarni, qiziqarli ma’lumotlar, bu davlatning yaxshi va yomon
taraflari, tabiati, aholisi va madaniyati, shaharlari, ulardagi yashash
sharoitlari va boshqa o’z ko’zlarim bilan guvohi bo’lib, xolisona bildirgan
fikrlarimdan voqif bo’lishingiz mumkin. Blogni ochishimning asosiy sababi ayrim
yurtdoshlarimizning o'zi guvohi bo'lmasdan, faqatgina eshitganlarigagina
tayanib bildirgan fikrlari va qarashlari bo’ldi.
So’nggi paytlarda ijtimoiy
tarmoqlarda berilgan Hindiston haqidagi ba’zi postlar va undagi qoldirilgan
fikrlarni o’qib bu blogni albatta ochishim kerakligi haqida o’ylab qoldim. "Shamol bo’lmasa daraxtning uchi qimirlamaydi" - deydi dono xalqimiz. Albatta, men bunga mutlaqo qarshi emasman… Keling, hammasini bir boshidan boshlasak.
2011-yilning 6-iyuli. Indra Gandi
nomidagi New Delhi xalqaro aeroporti… Aeropot juda ulkan edi. Toshkent xalqaro aeroportidan bir necha barobar katta. Undagi yaratilgan sharoitlar va xizmatlarga
gap bo’lishi mumkin emasdi. Meni kutib olishi kerak bo’lgan odamning biroz
kechikib kelganligi sababli ozroq havotirga tusha boshladim. Chunki shahar
haqida hech qanday ma’lumotga ega emasdim, boradigan joyimning ham manzilini berishmagan
edi… Uning ustiga o’sha men uchgan samolyotda ona-bola rus ayollar bilan birga
kelgandim. Ular Hindistonda oldinlari bir necha bor bo’lishgan ekan. Butun
parvoz bo’yi menga Hindiston haqida gapirib kelishdi:”Delhi judayam katta
shahar. Harorat issiq, havosi dim, shaharda esa biroz yoqimsiz hid bor… Hech
qachon tizimdagi (davlat tomonidan uzatilinuvchi) ichimlik suvidan ichma. Suv
ichmoqchi bo’lsang faqatgina supermarketlardan sotib ol… Aholisi juda ham ko’p,
ko’chalarda uxlaydiganlariyam bor…lekin sharoitlar zo’r, hamma joyda eng so’nggi
rusumdagi texnologiyalardan foydalanishadi, ayniqsa, tibbiyot sohasi juda
kuchli. Biz ham tibbiy muolaja olishga kelyapmiz. Operatsiya qildirishimiz
kerak…” Xullas, o’sha ikki yarim soatlik parvoz deyarli Hindiston haqida
gaplashib kelishga sarflandi. Bu gaplar meni faqatgina o’ylantirardi xolos,
qanday qilib uch yil mana shu mamlakatda o’qiyman…?
Oradan chamasi bir soatlar vaqt o’tdi, haligi odamdan darak yo’q. Shu vaqt
ichida ikki marta kutib oluvchilar turuvchi hududni aylangandek bo’ldim. Hayolimga
turli fikrlar kelardi. Va nihoyat, uzoqdan bir yigitning qo’lidagi varoqda o’zimning
ismim va rasmimni ko’rdim. Xursand bo’ldim-u, lekin meni shuncha kuttirganligi
uchun rosa jahlim ham chiqardi.
Tashqariga chiqdik. Haqiqatan havo dim, issiq, biroz hid ham bor edi. Lekin menga oldinlari tasvirlaganlaridek qo’lansa hid emas!!! Shahar bo’ylab tunda borar edik.
Juda uzoq vaqt taksida yurdik. Shahar chiroyli ko’rinarli, ayniqsa, tabiati…
Mendan so’ng qo’ngan ikki qozoq qiz bilan birgalikda bizni ICCR (Indian Council
For Cultural Relations)ning yotoqxonasiga olib borishdi. Darvoza oldida
avtomat ko’targan xavfsizlik hodimlari turishardi. Albatta bu yotoqxonalar
uchun notanish holat edi. Qizlarni avval 2-qavatga joylashtirdik, meni esa 1-qavatdagi
bir xonaga. Xona katta edi, taxminan 15 talar atrofida ikki qavatlik krovat, 8-9
ta avg’on bolalar, bitta isroyillik va men. Avvaliga hech kim gapirmadi. O’zimni
juda noqulay seza boshladim. Birozdan so’ng “welcome sir” degan ovozni
eshitdim, 3-4 tasi unga qo’shilishdi. Ro’parada o’tirgan bola xuddi o’zbeklarga
o’xshab ketardi. Unga o’zbekcha ohangda salom berdim. Afsus… Ularni ichida
ingliz tilini ham yaxshi biluvchilar menimcha yo’q edi. Hammasi hind tilida tahsil
olisharkan. O’sha kuni tunda ham yaxshi dam ololmadim. Kun issiq bo’lgani uchun
shamollatgichni tagida yotdim. Yuklarimdan havotirda edim. Tunda oynadan
tashqariga qarardim - qani biror kimsa ko’chada yotibdimikan deb…
Ertasi kuni tongda ICCR qabuliga qozoq qizlar bilan bordik. Ikkita universitetga (Puna va Maysur) qabul olgan edim. Punada tanish akaxonlar
borligi sababli o’sha shaharni tanlamoqchi bo’ldim. Afsuski VISAmda allaqachon
Maysur universiteti yozilib bo’lingan edi (buning uchun hozir shukur qilaman, bu haqda keyingi sahifalarda to'xtalaman).
Mobil telefonni shu yerdan sotib
olishni rejalashtirgandim. Favqulotda Toshkentga qo'ng'iroq qilish kerak bo’lib
qoldi. Bir amallab “sheriklarim” orqali telefon qildim. Ular menga faqatgina direktor
yordam bera olishini, u shaxs hozirda Delhidaligi, uning aloqa nomerini esa mening elektron pochtamga yuborishlarini aytishdi. Endi telefon olish kerak! Kimdan yordam so’rayman?
O’sha o’zbek yuzli boladan iltimos qildim va u rozi bo’ldi. Mana eeendi shaharni aylanish boshlandi.
Delhi bo’ylab “sayohat”
Ko’chadan riksha ushladik. Shahardagi
notanish hidga deyarli o’rganib bo’lgandim. Yo’llarda turli xil odamlarni
uchratdim. O’sha aytganlaridek ko’chada yashaydiganlar ham yo’q emasdi.
Ariqlar toza ahvolda emas. Har qayoqqa shoshayotgan odamlar, kimdir elegant kiyingan bo’lsa, yana kimdir bechorahol. Juda ham gavjum shahar, ulkan
va zamonaviy binolardan tortib, kichik-kichik o’rtacha va yomon ahvoldagi imoratlar. Butun shahar bo’ylab
qurilish, bunyodkorlik ishlarini ko’rish mumkin edi. Yo’llar tekis. Aholi juda ham
ko’p bo’lganligi sabab transport tiqilinchini gapirmasa ham bo’ladi,
Kilometrlarga cho’zilgan avtomobillar tirbandligi. Shu sababli shahar ko’chalarida
ko’priklar soni juda ham ko’p edi. Mahalliy
transport vositalari(avtobuslar)ning ahvoli chatoq edi.
|
New Delhidagi avtomobillar tirbandligi |
|
Eski Delhi ko'chalaridan biri |
Shaharning har joyi
turlicha. Qaysidir joylarda juda ham toza, zamonaviy inshoatlarni uchratsang, yana qaysidir hududda buzilib yotgan yoki yangi qurilayotgan binolarni ko’rish
mumkin edi.
Qayerlargadir termulib havasing ortsa, yana qayerlargadir qarashga ta’bing
tortmaydi… Xullas, 2-3 ta bozorni aylanganimizdan so’ng aloqa vositasini sotib
oldim. Ha aytgancha, birinchi marta rikshada aylanganim menga juda maroqli
tuyilgan. ICCRga qaytdik. Ular endi Bangalor shahriga bilet sotib olishimni va
uning nusxasini bularga topshirib ketishimni aytishdi. Haqiqiy tashvish endi
boshlandi. Haligi avg’on bola ham ketgan edi. Ular menga agar temir yo’l
chiptasini sotib olsam arzonroq tushishini aytib manzilni berishdi. U
yerga metro orqali borilarkan. New Delhi Metrosi. Juda ham ulkan tizimdagi metro.
Kuniga 2 millionga yaqin yo’lovchilarga xizmat qiluvchi bu metro 6 ta yo’l va
142 ta bekatga ega ekan. Menga yaqin bekatga kirishim bilan platformada poyezd
turganini ko’rib qaysi tarafga ketishidan qat’iy nazar chiqishga qaror qildim J Adashmabman. To’g’ri
yo’nalish. Bekatlar ancha zamonaviy qurilgan, poyezdlar esa ayni metrobop.
Hatto ovozi ham eshitilmaydi.
|
Sariq yo'l |
Lekin poyezdga chiqishim bilanoq hamma menga ajablanib
qarardi, negadir o’zim ham nimadir noto’g’riligini xis qila boshladim. Bir
bekat yurganimizdan so’ng eshiklar ochilganda tashqarida turgan ayol menga keyingi
vagonga chiqishimni, bundan faqatgina ayollar foydalana olishini aytdi. Atrofga
qaradim. Bitta men erkak. Biroz jahlim chiqib turgani bois e’tibor bermadim, yo’limda
davom etdim. Buning ustiga orada o’sha vagondagi bir qiz bilan tanishib qoldim. Undan yordam so’raganimda, u ham o’sha men ketayotgan bekatga borishi aytdi. Tayyor
yo’lboshlovchini kim ham qo’ldan chiqarardi?!
Shunday qilib, “New Delhi railway station” bekatiga keldik. Tashqaridan “tabiati”
yoqimsiz ko’ringan ushbu binoga kirdim…kirdim-u, Bangalorga samolyotda
uchishga qaror qildim… Yuzlab odamlar va o’nlab platformaga ega bu stansiya menga
“xavfli” tuyildi. O’nlab odamlar polda yotishardi, hatto ba’zilarining yuzida
chivinni ham ko’rish mumkin…Xullas, bu yerdan qochdim J
|
New Delhi Stansiyasi |
|
Bekatga qarama qarshi tarafning ko'rinishi |
Rikshachilardan yaqin
atrofdagi aviakassaga eltib qo’yishlarini so’radim. Bir “officega” bordik. Ko’rinishidan
kichkina va ko’rimsiz bo’lgan bu binoda aviachipta sotilishiga avvaliga ko’zim
yetmadi. Kompyuterdan menga narxni ko’rsatdi va chegirma qilib berishiniyam
aytdi. Hayron bo’ldim. Ular xuddi meni aldashayotgandek tuyilardi. Pasportimga
qarab ma’lumotlarni kiritdi va qo’limga bir varoq qog’oz berib mana shu
chiptaligini aytdi. Eeendi rostanam “kiydirishyapti” deb o’yladim, qayerdan
bilaman online buyurtma qilingan (elektron) chipta bunaqa bo’lishini
J Reys aynan o’sha
kunga, 4 soatlardan keyin uchadigan edi. Shoshilib ICCR tomon otlandim. Bilet
nusxasini berib, yuklarimni olishim kerak edi. Eng katta muammo oldimda
turganini sezdim – kelgan manzilimni bilmaymanku! Rikshachilardan ICCR ni so’rasam
hech kim bilmaskan, achinarlisi metroga chiqqan bekatimni otini ham bilmasdim,
2 ta bekatdan so’ng yozib olgandim – “Mandi House Station”. Haydovchilarga
aytsam, “O’sha bekatdan 2 ta pastgami yoki yuqoriga?” – deb so’rashdi. Qayerdan
bilaman??? Salkam 4 soatdan so’ng uchishim kerak… O’sha Mandi House ga olib
borishini so’radim. Yana o’sha mashinalar tirband ko’chalar, atay qilgandek ba’zi
“kalta” yo’llardan yurganimizda yo’lning o’rtasidan ta'mirlov ishlari
ketayotgan ekan… O’sha ICCRdan metro tomon ketayotganimda yaqin atrofda Jahon sog'likni saqlash tashkilotining Janubiy Osiyo filialiga ko’zim tushgandi. Yo’lda
dabdaba bilan rasmiy kiyingan kishiga ko’zim tushdi-yu, u kishini o’sha binoni
bilishiga ishondim. O’ylaganimdek bo’ldi, yo’lni rikshachiga tushuntirib berdi... ICCRga kelib kerakli hujjatlar nusxalarini topshirdim va yotoqxonadan yuklarimni olib ko'chaga chiqdim. Riksha to'xtatsam 150 rupiya so'radi. Men 100 rupiya berishimni aytgandim ketib qoldi. Keyin boshqa haydovchilar bilan 150 rupiyaga ham hech kelisha olmasamda! Ohiri 200 rupiyaga kelishdim :)
Xullas, shunday qilib hammasiga ulgirdim. Aeroportga ham vaqtida keldim. O’sha
kuni juda katta charchoq bilan Delhini tark etdim…
davomi->