вторник, 30 июля 2019 г.

Dubayda Family Visa olish qanday amalga oshiriladi?



         Agar siz Dubayda oilaviy yashashga qaror qilgan bo'lsangiz va hammasini nimadan boshlashga va qanday hujjatlar tayyorlashga boshingiz qotgan bo'lsa, ushbu post biroz bo'lsada sizga yordam beradi degan umiddaman.

         Endilikda oilaviy visa olish oldingiga nisbatan biroz soddaroq va hamma bosqich biror bir AMER xizmatlari markazida amalga oshirilsa boladi. Odatda imigratsiya idorasiga borish shart emas, faqatgina ba’zi holatlardan tashqari. Agar sizga yuborilgan smsda bu haqda aytilgan bo’lsa, ya’ni qaysidir hujjatni qayta yuklash yoki kiritish talab qilinsagina.

понедельник, 26 февраля 2018 г.

Chaqiruv

         Pokistonlik er-xotin biz ishlaydigan butikka kirib kelishdi. Ayoliga sumka olmoqchi ekanligini aytishdi. Biroz u yoq, bu yoqni qaraganlaridan so'ng, butikdagi teridan tikilgan sumkalar qolib, oddiy matodan to'qilgan bir Tote'ni yoqtirib qolishgandek tuyildi. Ranggi ham ma'qul keldi. Nimadir bo'ldi-yu, ular fikrini o'zgartirishdi.

пятница, 9 февраля 2018 г.

Dubay - ikkinchi uy?!


           Bundan bir necha yil oldin:"Dubayda biror yil ishlab kelaman," - deb chamadonni tayyorlab, narsalarni yig'ishtirib yo'lga chiqqaninggiz esingizdami? Dubayga kelib ishga joylashdingiz, do'stlar orttirdingiz. Keyingi yilga qaytarman deb, mana yillarni bir biriga ulab tashladingiz. Qarabsizki, Dubay allaqachon sizning ikkinchi uyingizga aylanib bo'lgan. Quyidagi belgilar buning ayni isboti desam ham bo'laveradi:

вторник, 10 июня 2014 г.

Infosys'ga tashrif

            
           Hindiston Axborot Texnologiyalari sanoatida jahonda yetakchi davlatlardan biri hisoblanadi. Ushbu sanoat Hindiston iqtisodiyotining asosiy qismi bo’lib, uning rivojida ulkan rol o’ynaydi. Shu yilning 31-mart holatiga ko’ra, mamlakatda IT savdo hajmi $118 milliardga yetgan. Uning asosiy qismi – $84-87 milliardi esa exportga to’g’ri keladi.
           Axborot texnologiyalari sohasi Hindistonda qariyb 2,5 milliondan ortiq to’g’ridan-to’g’ri ish o’rinlarini yaratgan holda, hozirda dunyoning eng yirik IT (Information Technology) markazlaridandir. Shuningdek, ushbu sohadagi jahonning barcha yirik kompaniyalari Hindistonda o’zlarining ishlab chiqarish o’rniga ega.

воскресенье, 8 июня 2014 г.

A human value


I was in a hurry to meet with one of my close Indian friends whom I had not seen for long. As I rode across the street with heavy traffic jam and immensely crowded, vehicles in front of me stopped suddenly. Sounds of engines turned down and another noise came up. I stood up from my scooter’s seat to see what was going on over the place which caused the termination of road traffic. Siren and its flashing light on the top of police car were visible over dozens of vehicles and hundreds of people. In front of them many followers of Hinduism were carrying a richly decorated, huge, shining statue of elephant-headed Hindu God – Ganesha. Such religious or spiritual activities are held numerous times in India and it seemed as an ordinary state of events to me.

вторник, 18 марта 2014 г.

Holi – bahor bayrami

          Nafaqat Hindistonda, balki dunyoning boshqa ko’plab shaharlarida nishonlanadigan Holi bayrami o’zining rang-barangligi bilan mashhurdir. Ikki-uch kun davom etadigan bu bayram afsonaviy tarixga ega bo’lib, unda Holika ismli yovuz ma’buda olovda kuyib halok bo’ladi va o’sha kunning o’zida Vishnu tangrisi Holikaning akasi Hiranyakashipu ismli, o’zini butun olam tangrisi deb atagan va barchani o’ziga ibodat qilishini istagan xudoni o’ldiradi. Oqibat, yovuzlik ustidan g’alaba qozonilgan, Holika esa yondirilgan kun keyinchalik “Holi” nomi bilan nishonlana boshlangan.

суббота, 8 марта 2014 г.

Toshkentda tibbiyot shundaymi yoki bu shunchaki tasodif?

            O’shanda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti qoshidagi Shayxontohur akademik litseyida ikkinchi kursni endigina boshlagan edik. Mustaqillik bayramini Toshkentda ko’rish maqsadida Andijondan odatdagidan ertaroq yo’lga chiqqandim…
            Qamchiq dovonining qoq markazida, tog’ bag’rida joylashgan kafega kirib hamrohlar bilan tushlik qildik: ikkitadan shashlik va likopda yarimtadan jiz. Qorinning talabini qondirib yana yo’lda davom etdik. Toshkentga qarindoshlarnikiga kelib joylashdim. Shu kunning o’zidayoq oshqozonda biroz og’riq tura boshladi. E’tibor bermadim. Ertasiga mustaqillik bayramida bo’ladigan an’anaviy saylga chiqdim. Ba’zi akaxonlar bilan Milliy bog’ni aylandik. U-bu narsa yegandek bo’ldik. Kun maroqli o’tdi va kechgi tomon qarindoshlar bilan Mustaqillik maydoniga tashrif buyurdik. U yerdan piyoda Amir Tumer hiyoboniga, keyin esa shu zaylda Shimoliy Vokzalning ortida joylashgan Sarikul ko’chasiga – uyga qaytdik. Rosa katta charchoq bilan bayramni ham o’tkazdik. Ertasiga Toshkentning 2200-yillik yubileyi munosabati bilan o’qish kechiktirildi… Oshqozondagi og’riq unchalik kuchli emasdi, o’tib ketar deb yuraverdim.

пятница, 24 мая 2013 г.

Hindiston musulmonlari


           Hindiston musulmon aholisi soni bo’yicha jahonda Indoneziya va Pokistondan keyingi uchinchi eng yirik davlatdir. Lekin bir vaqtning o’zida, hind musulmonlar mamlakat aholisiga nisbatan dunyodagi eng ozchilik jamiyatdir. Ammo ba’zi ma’lumotlarga ko’ra, Hindistonning muslim aholisi Pokistonnikiga nisbatan ko’proq deyiladi. Butun aholining 15% qismi, ya’ni 177 milliondan ortiq nafari musulmonlarni tashkil etadi. Bu ko’rsatgich so’nggi o’n yil ichida 40 millionga oshgan. The Economist saytining xabar berishicha, Hindiston musulmonlari soni keyingi 20 yil ichida 236 millionga yetadi va bu ko’rsatgich dunyoning eng yirik musulmon aholisiga ega bo’lgan davlat - Indoneziya bilan raqobatlasha oladi.
           Hindistonga ilk bor Islom dini VII asrning o’zidayoq arab savdogarlari orqali kirib kelgan. Keyinchalik XII asrda turklar orqali keng yoyilgan bo’lsa, XVI asrda Boburiylar sabab Islom yanada chuqurroq rivoj topgan.
           Musulmon aholi Hindistonning asosan shimol va shimoliy-sharqiy hamda janubiy-g’arbiy qismlarida eng zich yoyilgan (o’rtacha 20% dan 30% gacha va ba’zi hududlarda 80% ortiq) va qolgan barcha hududlarda 10% gacha aholini tashkil qiladi.
           Shimoldan janubga qarab musulmonlarning ijtimoiy-iqtisodiy qatlamida o’sishni kuzatish mumkin. Shimolda muslim aholining umumiy yashash darajasi o’rtacha daromadga ega oilalardan past. O’tgan o’n yilliklarga nisbatan mamlakatda musulmonlarning ijtimoiy-iqtisodiy yashash standartlarida o’sish kuzatiladi. Lekin shunga qaramay, umumiy muslim aholining katta qismini kambag’allar tashkil qiladi. Agar qo’shni Pokiston musulmonlarining umumiy yashash darajasi bilan Hindiston musulmonlarini solishtiradigan bo’lsak, ohirgi ma’lumotlarga ko’ra, Hindistonda yaxshiroq yashashadi.

Ramazon hayiti. Agra
           Hukumatda ham musulmonlardan kamchilik o’rin egallagan.  Biroq muslim liderlarining o’rni Hindistonning davlatchilik rivojida ulkan o’rin egallaydi. Xususan, hozirga qadar mamlakatning 3 ta Presidenti: Zakir Hussain, Fahriddin Ali Ahmad va A.P.J Abdul Kalamlar musulmonlardan bo’lgan.  Mustaqillikdan buyon, Hindiston Oliy Sud Raisi vazifasida ham bir nechta musulmonlar faoliyat yuritishgan.
Hozirgi kunda musulmon vakillaridan Hindistonning yuqori davlat amaldorlariga Hamid Ansari (Vitse Prezident) va  S.Y. Quraishi (Markaziy Saylov Komissiyasi raisi)larni misol keltirish mumkin. Ayni damda hukumatda muslim vazirlar, kabinet kotiblari, deputatlar (parlamentda) va siyosatchilar faoliyat yuritishmoqda.
Musulmonlarning sport, ilm-fan, texnika rivojidagi o’rni ham sezilarli darajada ortib bormoqda.
          Shuni albatta aytib o’tish kerakki, Hindistonning yirik daromad manbalaridan biri bo’lgan film sanoatida ham muslimlarning o’rni beqiyos. Hammamizga ma’lum Bollywood yulduzlari Shohruhxon, Salmon Xon, Amir Xon, Saif Ali Xon va Imran Hashmilar shular jumlasidandir.
          Shuningdek, iqtisodiy faoliyati bilan mamlakat rivojiga ulkan hissa qo’shayotgan musulmonlar ozmuncha emas. Ulardan eng mashhurlaridan biri Azim Premji bo’lib, Hindistonning uchinchi eng yirik IT Kompaniyasida CEO (Chief Executive Officer) vazifasida ishlaydi. U mamlakatning 5-eng boy shaxsi bo’lib, uning boyligi $17,1 mlrd ni tashkil etadi.
Musulmonlarning dinga munosabati:
          Musulmonlar mamlakatda hindulardan keyingi ikkinchi yirik qatlam bo’lib, aholi orasida Islom va hind madaniyati qorishib ketgan. Shahar va qishloqlardagi yuzlab hinduizm ibodatxonalari qatori masjidlarni ham tez-tez uchratish mumkin. Hindiston dunyoda masjidlar soni bo’yicha eng yirik  mamlakat bo’lib, ular soni 300 mingdan ortiqni tashkil etadi. Uzoqqa bormayman, mana shu men yashayotgan Maysur shahrining (Toshkentdan salkam 3 barobar kichik) o’zida 165 dan ortiq ro’yhatdan o’tgan, markazga bo’ysunuvchi masjidlar faoliyat yuritadi. Agar namoz vaqtida asosan muslimlar yashovchi hududlarga o’tib qolsangiz, atrofdan kelayotgan o’nlab azon tovushlari bilan zavqlanishingiz mumkin!

Hayit namozi. Juma masjid, Dehli
          Hindistonda musulmonlarning asosiy qismini sunniylar tashkil etadi. Ulardan Hanafiy mazhabidagilar eng ko’pchilikdir (Delhi, Karnataka, Jammu Kashmir, Maharashtra, Haydarobod, Uttar Pradesh, Kashmir va G’arbiy Bengal). Kerala shtati va Lakshadvipda asosan shofiylar yashasa, Gujarot shtatida musulmonlarning asosiy qismi Imom Molik r.a ergashuvchilaridir.
          Shialarning ulushi musulmonlarning taxminan 10-15% qismiga to’g’ri keladi.
          Mamlakatda musulmonlarning ko’p qismi sunnat va boshqa amallarga qat’iy rioya etadilar (Practicing muslims). Shuning uchun, ko’p hollarda odamlar orasidan musulmonlarni ajratib olish qiyin emas: yo sunnat libosda, yo soqol qo’ygan va yo do’ppi kiyib yurgan bo’lishadi.
          Hindistonda ko’plab Islomiy o’quv yurtlar: universitetlar, institutlar, maktab va madrasalar mavjud. Ulardan eng yiriklari butun olamga mashhur ikki Dorul Ulum: “Dorul Ulum Deoband” va “Dorul Ulum Nadvatul Ulama”lar asosan diniy olimlar, qori va ulamolar tayyorlasa, Aliah Universiteti (Kalkota). Aligarh Muslim Universiteti (Aligarh), Darul Huda Islom Universiteti (Kerala), Jamiya Milliya Islamiya Universiteti va boshqa bir qancha oily o’quv yurtlari dunyoviy ilm sohalaridan dars berishda ham yetakchi o’quv dargohlaridan hisoblanadi.

воскресенье, 28 апреля 2013 г.

Baburids or Mughal Empire?


Who was Babur?
Zahiriddin Mohammad Babur was born on February 14, 1483 in Andijan (Presently, in Uzbekistan). His father Omar Sheikh Mirzo, the son of Abu Said Mirzo (and grandson of Miran Shah, who was himself son of Timur, great Turkic family nation Emperor) was a governor of Fergana. As his blood goes to Timur on his father’s side, he is a descendant of Timurids! However, his mother Qutlugh Nigar Khanim was the daughter of Yunus Khan (governor of Tashkent at that time) who was the 12th generation of Chengiz Khan, Mughal emperor. So, we can realize that he is not a Mughal but Temurid. According to historical documents, the generations of Babur used to call themselves as “Baburiy mirzo”, descendants of Temurids. The main reason why they have been called as Mughals is because of Europeans' misconception of considering Temurids as Mughals in the last century. Now, the serious historical research of those dynasties proves that BABURIDS are NOT MUGHALS.

вторник, 15 января 2013 г.

Hindistonda Kumb Mela nishonlanmoqda


       Hindiston dunyoda eng ko’p bayramlar va festivallar nishonlanadigan davlatlardan biridir. Milliy va davlat bayramlaridan tashqari o’nlab diniy marosimlar shtatlardagi aholining etnik qatlami va diniy e'tiqodiga ko’ra turlicha nishonlanadi. Shunday bayramlar borki, ular ayni bir shtatdagina o’tkazilib, boshqalarida nishonlanmaydi. Hindularning asosiy festivallari bilan bir qatorda musulmonlarning Qurbon va Ramazon hayitlari, xristianlarning Rojdestvosi ham  butun mamlakatda umumxalq dam olish kuni sifatida e’lon qilinadi. Bayramlar rang-barang bo’lib, hammasi o’ziga xos usulda nishonlanadi. Hinduizm bayramlaridan misol qilib eng yiriklari – Divali, Holy, Ganesha kabilarni keltirish mumkin. Hozirgi sizlarga ta’riflab bermoqchi bo’lganim ham hinduizmdagi noyob bir festival bo’lgan Kumb Meladir.

вторник, 1 января 2013 г.

BIZ YURTDOSHLARIMIZ ISHONCHINI OQLAYMIZ



Davron TO‘XTABOYEV, Hindiston:
— Hind-o‘zbek madaniy aloqalar dasturi bo‘yicha grant bilan Hindistonning Karnataka shtatidagi Maysur universitetida tijorat-savdo yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olaman.
Nihoyasiga yetayotgan 2012 yil men uchun mazmunli o‘tdi. O‘qishda ham bir qancha muvaffaqiyatlarga erishdim. 1-se­mestrni a’lo baholar bilan tugatdim. Universitetimizda o‘tkazilgan fan musobaqasida faxrli 2-o‘rinni egalladim. Turli xalqaro seminarlarda ishtirok etib, sertifikatlar bilan taqdirlandim.

воскресенье, 30 декабря 2012 г.

Bayramni Hindistonda kutib olamiz


Davron TO‘XTABOYEV, Hindistonning Karnataka shtatida joylashgan Maysur universitetida tijorat-savdo yo‘nalishi bo‘yicha tahsil oladi:
— 1992 yil Andijon viloyati Izboskan tumanida tug‘ilganman. 2011 yilda Hindiston Konsulligining «Hind-O‘zbek madaniy aloqalar» dasturi bo‘yicha grant sohibi bo‘lib, xorijda o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ldim. Men tahsil olayotgan shtatda O‘zbekistondan uch kishimiz xolos. Ozchilik bo‘lishimizga qaramasdan milliy bayramlarimizni bu yerda birgalikda nishonlaymiz. Bu yilgi Navro‘zni ham ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazishni rejalashtiryapmiz. Hammamizga ma’lumki, Navro‘z faqat O‘zbekistonda emas, balki ko‘pgina davlatlarda ham bayram qilinadi. Shuni hisobga olib, bayramni talabalardan iborat turli millat vakillari bilan nishonlamoqchimiz. Ming afsuslar bo‘lsinki, bu yerda sumalak yoki ko‘k somsa tayyorlashning iloji yo‘q. Lekin bunaqa bayramlar bizning shoh taom, ya’ni palovsiz o‘tmaydi. Va albatta bu osh «anjanchasiga» bo‘ladi.
Umrimda birinchi marta Nav­ro‘zni boshqa joyda kutib olyapman. Baribir yurtimizga yetmaydi. Sumalak atrofida o‘ynab, bahor taomlaridan tatib, oila, mahalla davrasida nishonla­ganning gashti boshqacha-da. Gulruh (o‘zbekistonlik magistrant)ning aytishiga qaraganda, ular o‘tgan yili o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, turkman, tojiklar o‘zlarining milliy taomlaridan tayyorlab, bir dasturxon atrofida yig‘ilib, Navro‘zni bayram qilishgan ekan. Dehlidagi do‘stimning gaplariga ko‘ra, u yerda O‘zbekis­tonning Hindistondagi elchi­xonasi tomonidan Navro‘z bayrami o‘tkaziladi. Buni eshitib ularga havasim keldi. Nav­ro‘zni yurtimiz nafasi ufurib turgan go‘shada nishonlashga nima yetsin?!
Shu o‘rinda bir voqea yodimga tushdi. 2009 yil Toshkentda Nav­ro‘zga bag‘ishlangan «Milliy odat, urf-an’analar» festivalida Jahon iqtisodiyoti va diplo­matiyasi universiteti qoshidagi Shayxontohur akademik litseyi nomidan qatnashib, jamoa­miz bilan faxrli oliy o‘rinni qo‘lga kiritgandik. O‘shandagi quvonch va hayajonlarimni so‘z bilan ifodalay olmayman.
Kirib kelgan Navro‘z bayrami bilan barcha yurtdoshlarimni chin qalbimdan qutlayman. Barchani yil bo‘yi bahoriy kayfiyat tark etmasin. Oilalarga tinchlik, dasturxonlarga qut-baraka tilayman. Barcha-barcha ush­bu bayramni mehrga to‘la qalblar bilan hamjihatlikda o‘tkazishini istayman. Yana bir bor Navro‘z ayyomi muborak!
Temur XUDOYBERDIEV
tayyorladi.

суббота, 29 декабря 2012 г.

Do'stlarimga!


Kunlar o'tar, ortidan yillar ham o'tar,
Kimdir kelgan zamon, kimlardir ketar.
Kimdir otasini kuzatgan mahal,
Yana kimdir mehmon bolasin kutar,
Eh dunyo ajoyib, hayot ajoyib!

Hamma o'zi bilan o'zi ovvora,
Yashash shunday ekan, boshqa na chora?
Hayot o'yiniga chalg'ib har mahal,
Xabar ham olmaymiz do'stdan bir bora.
Eh dunyo ajoyib, hayot ajoyib!

Ba'zida kimgadir zor bo'lar kishi,
Ba'zilar yo'qlaydi tushganda ishi
Do'stlardan yiroqda yurgan biladi,
Hatto dalda bo'lar ko'rgan bir "tushi",
Eh dunyo ajoyib, hayot ajoyib!

Xullas, senga aytar so'zim shu do'stim -
Qadringga yetganni, qadrla sen ham.
Xatolaring kimdir aytgan bo'lsa gar,
Demak, e'tiborsiz emas shul odam.

Beaybdir faqat yaratgan Alloh,
   Hech bir inson emas obid-begunoh...! 

  05.02.2012                     D. To'xtaboyev

четверг, 12 апреля 2012 г.

Nihoyat manzilimga yetdim (3)


            <-Boshi. Davomi: Maysur tomon avtobusda ketmoqdaman. Tezroq yetib borishni, universitetim joylashgan, o’zim kelasi uch yil davomida yashaydigan shaharni tezroq ko’rgim kelardi…
            Narsalarimni avtobus yukxonasiga qo’yganim uchun aynan o’shani ro’parasiga o’tirdim, oynadan qarab ketishga (kim biladi deysiz, hali hindlarni qanaqaligini bilmasam, “egalari” chiqib qolmasin dedimda J). Xullas oynadan tashqarini tomosha qilib borardim: kilometrlarga cho’zilgan palma va kakos yong’og’i o’rmonlari, ular orasida har-har zamonda Mc Donald’s, KFC, Café Day restoranlari ko’zga tashlanardi. O’nlab qishloqlar va kichik shaharchalar bilan birga, ba’zan ko’zlarim harobaga aylangan mahallalarga, yashashni tasavvur qilib bo’lmaydigan kulbalarga tushardi. Daxshat! Qayerga ketyapman o’zi ???
           Uch soatlik yo’ldan so’ng nihoyat Mysore shahriga kirib keldik...
Yana, yana, yana kutvoladigan odam yo’q… Bangalorda aytishgandi, O’rta Osiyolik talabalar kutib oladi deb… 10-15 daqiqalar joyimdan jilmasdan kutdim. Kutvoluvchilardan darak bo’lmagach, avtovokzalni 2-3 marta aylanib chiqdim. Ko’chadagi telefon apparatidan janob Gopal bergan raqamga qo’ng’iroq qildim. Bir qiz oldi. O’zimni tanishtirganimdan so’ng u menga hech qayerga jilmasligimni, Jamshid ismli tojikistonlik bola meni kutvolishga ketganini aytdi. Birozdan so’ng u yetib keldi. Uniyam doimgidek o’zim kutib oldim. Vey yurtdan uzoqdaligingizda ko’zingizga ko’pchilik o’zbekka o’xshab ko'rinarkan J U ham xuddi o’zbekka o’xshardi. U meni ko’rdi-yu:”Hindistonning ikkinchi eng toza shahriga xush kelibsan”- dedi ruschalab. Xursand bo’ldim, chunki bu Hindistonda katta ahamiyatga ega J … (Keyinchalik Hindistonning ko’plab shtatlarida, shaharlarida bo’ldim. Maysur boshqacha shahar. Bunga keyingi sahifalarda albatta batafsil to’xtalaman)

Mysore Avtovokzali

              Boshimga tushgan “qaro kunlar” endi boshlandi… O’sha bittagina bo’lgan o’zbek qiz ham aynan men kelgan kunim O’zbekistonga qaytibdi. Jamshid meni boshqa bir tojikistonlik Abdulloh deganning uyiga olib bordi. O’sha yerda menga uy topilguncha turadigan bo’ldim. Hali narsalarimni joylamasimdan ular meni bir qo’shnisinikiga olib chiqishdi. Ixchamgina qurilgan ajoyib uy. O’sha uyning birinchi qavatida uchta maxsus ijara uchun alohida-alohida qurilgan xonalar bor edi. Ulardan birini menga gaplashib berishdi. 

O’sha kunni o’zidayoq ba’zi narsalarni sotvoldik. Tunga yaqin o’zimni juda yomon xis qila boshladim. Ishtaha yo’q. Xuddi butun dunyodan ajrab qolgandekman. Atrofimda hech kimni tanimayman. Hech kim o’zbekcha gapirmaydi. Uydagilarga telefon qilib yetib kelganimni aytib qo’yishim kerak edi. Mobile Agent orqali dadamning qo’l telefoniga sms yubordim. O’sha tojikistonlik bolaning nomerini yuborib qo’ng’iroq qilishligini yozdim (o’zim ba’zi hujjatlarim tayyor bo’lmaguncha nomer sotib ololmaskanman). Birozdan so’ng dadam telefon qildi. Avvaliga yaxshi ohangda gapirdim-u, ozgina muddat unim chiqmay qoldi. Nimadir bo’g’zimga tiqilib qolgandek bo’lardi – ortiq gapira olmayman. Dadam holatimni tushundi-yu, endi hammasiga chidab o’qishimni, menga hammalari ishonishini, boshida hamma joyda ham qiyinchiliklar bo’lishini, bir-ikki oyda barchasiga ko’nikib ketishimni, o’zi Qora Dengizda armiyada uch yil yolg’iz o’zbek bo’lib xizmat qilganligini aytdi. Eng alam qiladigani - men buyoqda jimib qolganim sari Abdulloh baland ovozda ustimdan kulardi. O’zimni g’alati muhitga tushib qolgandek sezdim. Dadam bilan gaplashib bo’lganimdan so’ng u menga “nasihat”lar qilardi:”O’zing tanlagansan, kim senga buncha uzoqni tanla dedi? Do’stlaring bor joyga borgin edi. Ha mayli, ko’nikib ketarsan, Gulruh kelsa ancha yordam beradi senga…”. Har bir gapi ichimni tirnardi… 
Ertasiga yana do’kondan uyimga u-bu narsalar sotib oldik va o’sha kuniyoq meni ko’chirib olib chiqib qo’ydi. Yolg’iz o’zim, ikkinchi kunning o’zidan alohida yashay boshladim. Jamshid vaqti bo’lganda kelib muammolarimni yechishga, hujjatlarimni rasmiylashtirishda yordam berardi. Orada universitetga bordik. 
Mysore Universiteti
Ro’yhatdan o’tishning so’nggi kuni ekan. Biz ertalab borgandik tushlikdan so’ng kelishimizni aytishdi. Jamshidni ishi bor ekan, Abdullohga olib borib kelishini aytishimni ta’kidladi. Tushlikdan so’ng Abdullohga iltimos qildim, ko’nmadi. Unda telefon qilib berishini so’radim. "Pul ketadi",- dedi. O’sha pulni berishimni aytsam, avval to’lashimni aytdi. Shokka tushdim. Nahotki shu bir marta telefon qilib aytib qo’yishga pastlik qilsa?! Xullas u desam bu dedi, bu desam u. O’sha kuni borolmadim. Ertasiga ertalab Jamshid keldi. Hammasini aytdim. Biroz kuldi:”Ehhh shunchalikkayam boradimi?”- dedi u. Kollejga yana birga bordik. Kechagi kuni ro’yxatdan o'tish  allaqachon tugatilgan edi. Jamshid ICCR tashkilotiga telefon qilib hammasini hal qilib berdi.  So’ng uyimga tashladi-yu, ketdi. Darvozadan kirishim bilan bo’lgan voqealarni eslab, universitetning butun bakalavriat kursida mendan boshqa o’zbek yo’qligini, bundan buyog’iga balkim bir yilgacha yolg’iz yashashligimni o’ylab ho’rsinib ko’zimdan yosh chiqib ketdi. Uy egasi holatimni ko’rib orqamdan xonamga kirdi. Nima muammoyim bo’lsa aytishimni, bular doimo yordamga tayyor ekanligini, har qanday vaziyatda telefon qilishim mumkinligini aytib tinchlantirgandek bo’ldi. 
Baxtimga bakalavriat kursida Qozog’istondan talabalar bor ekan. Yana uchta yangi kelgan. Xullas, ular bilan birga-birga o’qishni boshlab ham oldik.

воскресенье, 8 апреля 2012 г.

Bangalore safari (2)


        <-Boshi. Davomi: New Delhi aeroportining mahalliy terminalidan uchgan reys bilan Bangalorga, o’sha mening universitetim joylashgan shtat markaziga ketyapman. Samolyot saloni judayam sovuq edi. Qani endi uxlab qolsam-u, mana shu sovuqni sezmasam. Ikki yarim soatlik parvozdan so’ng Bangalor xalqaro aeroportiga qo’ndik. Tashqari ham Delhiga nisbatan ancha sovuq edi. Yuklarimni olib terminaldan chiqishim bilan bir kishi to’g’ri men tomon  shahdam qadamlar bilan keldida, shartda qo’limdan tortib:”Ketdik” – dedi. O’zini tanishtirmagan, “tomdan tushgan” bu kimsa noan’anaviy tarzda kutib oldi. Biroz orqaga tisarildim:”Kimsiz?”. “O’zbekistonlikmisan? ICCR talabasi, to’g’rimi? Namuncha qo’rqasan? Senga o’xshaganlardan yuztasini kutvolaman yiliga…”. Yengil tortib u kishiga ergashdim. Yarim tunda kelganim bois mehmonxonaga emas, to’gri ICCR idorasiga olib bordi. Qabulxonadagi divanni ko’rsatib, ertalabgacha shu yerda dam olishimni aytdi. Ana bo’lmasam, bir kamim endi idorada uxlashim qolgandi. Katta sochig’imdan yopinchiq, ryukzagimdan esa yostiq sifatida foydalandim. Hayolimga ming xil fikrlar kelardi – nega keldim o’zi? O’zimizda tinchgina o’qib yursam nima bo’lardi?...

Yomg'ir mavsumida shaharning bir qismi

         8-iyul. Tong otdi. “Hammadan erta turdim” J Qorovul kelib, nimalardir dedi, tushunmadim. Qo’l harakatlaridan nonushta qilvolishimni ko’rsatayotgan edi. Tashqariga chiqib biroz aylandim. Yon-atrofdan yegulik sotiladigan joy topolmagach, “xonam”ga qaytib onam bergan narsalarni yeyishga tushdim (Delhida ham o’sha narsalardan yegandim xolos). 
Birin-ketin ishchilar kela boshladi. Hammasini yaxshi kutib oldim J ICCR bosh menejeri janob Gopal choy damlab keldi. Bunaqa mazzali choyni umrimda birinchi marta ichishim edi. Kotiba qiz bo’lsa Jak nomli ko’rinishidan anjirga o’xshash, mazasi qovunni eslatuvchi meva berdi. O’zimni yaxshi xis qila boshladim. Men ham O’zbekistondan olib kelgan pista-bodom, mayiz va onajonim yopgan nondan berdim.
         Birozdan so’ng talabalar kela boshladi. Hamma kelganlar bilan tanishib, gaplashib o’tirdim. Bir mahal ulardan biri menga o’zbekchada gapirib ketsa bo’ladimi. Quvonchim ichimga sig’may ketdi. Axir ikki kundan beri endi birinchi marta o’zbekchada gaplashishim edi. Ehh bundagi quvonchni tasavvur qilish qiyin… U avg’onistonlik o’zbeklardan ekan. O’zbekchasi biroz “eski” bo’lsada bemalol gaplashardi. Orada janob  Gopal men boradigan Maysur shahriga telefon qilib qirg’izistonlik Mars ismli bola bilan gaplashtirdi. U menga behavotir kelishimni, o’zbekistonlik bir qiz borligini, ruschada gaplashuvchilar esa judayam ko’pligini, hamma bir-biriga yordam berishini ta’kidladi. Endi ko’nglim tinchlana boshladi…

ITPL International Technology Park Limited

Bangalore Saroyi (Guttahalli deb ham ataladi)

         Tushlikka yaqin meni aeroportda kutib olgan shaxs yana mashinasida avtovokzalga olib bordi. Shahar juda katta, Delhidagi ahvolni bu yerda ham ko’rish mumkin edi. Lekin, ob-havo yomg’irlar mavsumi boshlanganligi sabab sovuqroq edi. Havosida ham hech qanday Delhicha hid yo’q. Lekin shahardagi transportlar ko’pligi bois biroz tutun ko’tarilgan edi. Keyinchalik bilishimga ko’ra bu shahar Hindistonning “Ilm va texnologiya” markazi ekan. Unda ko’priklar juda ko’p bo’lgani uchun “ko’priklar shahri” deb ham atasharkan. 


Lekin bu shaharda ham odamlar Hindiston desa hayoliga keladigan manzara yo’q emasdi. Yana xuddi o’sha tarozi – qaysidir ko’chalar judayam chiroyli, pokiza va zamonaviy binolarga boy bo’lsa, yana qaysilaridir “maxsus trans bekatlari”ga o’xshaydi. Har holda umumiy olib qaraganda Delhidan ancha toza va salqin shahar.

Ko'chalardan biri

Bangalore chetidagi mahallalardan biri

Mahatma Gandi ko'chasidan shaharning ko'rinishi
Bangalor metrosi (tashqi ko'rinish)

Shahardagi mashinalar tirbandligi

Shunday qilib, Bangalorni endi Maysur qanday shahar ekan degan o'y-fikrlar bilan tark etdim... davomi->


пятница, 6 апреля 2012 г.

Hindiston haqida ochiqchasiga! (1)


Salom. Asosiy maqsadga o’tishdan oldin sizlarga o’zimni tanishtirib o’tsam. Ismim Davron. 1992-yilda Andijon viloyatida tug’ilganman. 2008-yilda Andijonda maktabni tamomlagach, shu yili Toshkentdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti qoshidagi Shayxontohur akademik litseyiga qabul qilindim. 2011-yilning fevral-mart oylarida Hindiston Tashqi Ishlar Vazirligi qoshidagi Madaniy Aloqalar Konsullugining “Hind-o’zbek madaniyatlar almashinuvi dasturi” bo’yicha tanlovda g’olib bo’lib, Hindistonning Karnataka shtatidagi Maysur (Mysore)Universitetiga to’liq grant asosida o’qishga qabul qilindim. Shu universitetning B.Com (Bachelor of Commerce) kursida tahsil oldim.
              Ushbu post orqali sizlar Hindiston haqida ayni haqiqat faktlarni, qiziqarli ma’lumotlar, bu davlatning yaxshi va yomon taraflari, tabiati, aholisi va madaniyati, shaharlari, ulardagi yashash sharoitlari va boshqa o’z ko’zlarim bilan guvohi bo’lib, xolisona bildirgan fikrlarimdan voqif bo’lishingiz mumkin. Blogni ochishimning asosiy sababi ayrim yurtdoshlarimizning o'zi guvohi bo'lmasdan, faqatgina eshitganlarigagina tayanib bildirgan fikrlari va qarashlari bo’ldi.
 So’nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda berilgan Hindiston haqidagi ba’zi postlar va undagi qoldirilgan fikrlarni o’qib bu blogni albatta ochishim kerakligi haqida o’ylab qoldim. "Shamol bo’lmasa daraxtning uchi qimirlamaydi" - deydi dono xalqimiz. Albatta, men bunga mutlaqo qarshi emasman… Keling, hammasini bir boshidan boshlasak.

Hindistonga birinchi qadam…
 2011-yilning 6-iyuli. Indra Gandi nomidagi New Delhi xalqaro aeroporti… Aeropot juda ulkan edi. Toshkent xalqaro aeroportidan bir necha barobar katta. Undagi yaratilgan sharoitlar va xizmatlarga gap bo’lishi mumkin emasdi. Meni kutib olishi kerak bo’lgan odamning biroz kechikib kelganligi sababli ozroq havotirga tusha boshladim. Chunki shahar haqida hech qanday ma’lumotga ega emasdim, boradigan joyimning ham manzilini berishmagan edi… Uning ustiga o’sha men uchgan samolyotda ona-bola rus ayollar bilan birga kelgandim. Ular Hindistonda oldinlari bir necha bor bo’lishgan ekan. Butun parvoz bo’yi menga Hindiston haqida gapirib kelishdi:”Delhi judayam katta shahar. Harorat issiq, havosi dim, shaharda esa biroz yoqimsiz hid bor… Hech qachon tizimdagi (davlat tomonidan uzatilinuvchi) ichimlik suvidan ichma. Suv ichmoqchi bo’lsang faqatgina supermarketlardan sotib ol… Aholisi juda ham ko’p, ko’chalarda uxlaydiganlariyam bor…lekin sharoitlar zo’r, hamma joyda eng so’nggi rusumdagi texnologiyalardan foydalanishadi, ayniqsa, tibbiyot sohasi juda kuchli. Biz ham tibbiy muolaja olishga kelyapmiz. Operatsiya qildirishimiz kerak…” Xullas, o’sha ikki yarim soatlik parvoz deyarli Hindiston haqida gaplashib kelishga sarflandi. Bu gaplar meni faqatgina o’ylantirardi xolos, qanday qilib uch yil mana shu mamlakatda o’qiyman…?
Indra Gandi nomidagi New Delhi Xalqaro Aeroporti
Oradan chamasi bir soatlar vaqt o’tdi, haligi odamdan darak yo’q. Shu vaqt ichida ikki marta kutib oluvchilar turuvchi hududni aylangandek bo’ldim. Hayolimga turli fikrlar kelardi. Va nihoyat, uzoqdan bir yigitning qo’lidagi varoqda o’zimning ismim va rasmimni ko’rdim. Xursand bo’ldim-u, lekin meni shuncha kuttirganligi uchun rosa jahlim ham chiqardi. 
Aeroportning asosiy kirish qismi

Tashqariga chiqdik. Haqiqatan havo dim, issiq, biroz hid ham bor edi. Lekin menga oldinlari tasvirlaganlaridek qo’lansa hid emas!!! Shahar bo’ylab tunda borar edik. Juda uzoq vaqt taksida yurdik. Shahar chiroyli ko’rinarli, ayniqsa, tabiati… Mendan so’ng qo’ngan ikki qozoq qiz bilan birgalikda bizni ICCR (Indian Council For Cultural Relations)ning yotoqxonasiga olib borishdi. Darvoza oldida avtomat ko’targan xavfsizlik hodimlari turishardi. Albatta bu yotoqxonalar uchun notanish holat edi. Qizlarni avval 2-qavatga joylashtirdik, meni esa 1-qavatdagi bir xonaga. Xona katta edi, taxminan 15 talar atrofida ikki qavatlik krovat, 8-9 ta avg’on bolalar, bitta isroyillik va men. Avvaliga hech kim gapirmadi. O’zimni juda noqulay seza boshladim. Birozdan so’ng “welcome sir” degan ovozni eshitdim, 3-4 tasi unga qo’shilishdi. Ro’parada o’tirgan bola xuddi o’zbeklarga o’xshab ketardi. Unga o’zbekcha ohangda salom berdim. Afsus… Ularni ichida ingliz tilini ham yaxshi biluvchilar menimcha yo’q edi. Hammasi hind tilida tahsil olisharkan. O’sha kuni tunda ham yaxshi dam ololmadim. Kun issiq bo’lgani uchun shamollatgichni tagida yotdim. Yuklarimdan havotirda edim. Tunda oynadan tashqariga qarardim - qani biror kimsa ko’chada yotibdimikan deb…
Ertasi kuni tongda ICCR qabuliga qozoq qizlar bilan bordik. Ikkita universitetga (Puna va Maysur) qabul olgan edim. Punada tanish akaxonlar borligi sababli o’sha shaharni tanlamoqchi bo’ldim. Afsuski VISAmda allaqachon Maysur universiteti yozilib bo’lingan edi (buning uchun hozir shukur qilaman, bu haqda keyingi sahifalarda to'xtalaman).
       Mobil telefonni shu yerdan sotib olishni rejalashtirgandim. Favqulotda Toshkentga qo'ng'iroq qilish kerak bo’lib qoldi. Bir amallab “sheriklarim” orqali telefon qildim. Ular menga faqatgina direktor yordam bera olishini, u shaxs hozirda Delhidaligi, uning aloqa nomerini esa mening elektron pochtamga yuborishlarini aytishdi. Endi telefon olish kerak! Kimdan yordam so’rayman? O’sha o’zbek yuzli boladan iltimos qildim va u rozi bo’ldi. Mana eeendi shaharni aylanish boshlandi.
Delhi bo’ylab “sayohat”
 Ko’chadan riksha ushladik. Shahardagi notanish hidga deyarli o’rganib bo’lgandim. Yo’llarda turli xil odamlarni uchratdim. O’sha aytganlaridek ko’chada yashaydiganlar ham yo’q emasdi. Ariqlar toza ahvolda emas. Har qayoqqa shoshayotgan odamlar, kimdir elegant kiyingan bo’lsa, yana kimdir bechorahol. Juda ham gavjum shahar, ulkan va zamonaviy binolardan tortib, kichik-kichik o’rtacha va  yomon ahvoldagi imoratlar. Butun shahar bo’ylab qurilish, bunyodkorlik ishlarini ko’rish mumkin edi. Yo’llar tekis. Aholi juda ham ko’p bo’lganligi sabab transport tiqilinchini gapirmasa ham bo’ladi, Kilometrlarga cho’zilgan avtomobillar tirbandligi. Shu sababli shahar ko’chalarida ko’priklar soni juda ham ko’p edi.  Mahalliy transport vositalari(avtobuslar)ning ahvoli chatoq edi.
New Delhidagi avtomobillar tirbandligi


Eski Delhi ko'chalaridan biri
Shaharning har joyi turlicha. Qaysidir joylarda juda ham toza, zamonaviy inshoatlarni uchratsang, yana qaysidir hududda buzilib yotgan yoki yangi qurilayotgan binolarni ko’rish mumkin edi. 






Qayerlargadir termulib havasing ortsa, yana qayerlargadir qarashga ta’bing tortmaydi… Xullas, 2-3 ta bozorni aylanganimizdan so’ng aloqa vositasini sotib oldim. Ha aytgancha, birinchi marta rikshada aylanganim menga juda maroqli tuyilgan. ICCRga qaytdik. Ular endi Bangalor shahriga bilet sotib olishimni va uning nusxasini bularga topshirib ketishimni aytishdi. Haqiqiy tashvish endi boshlandi. Haligi avg’on bola ham ketgan edi. Ular menga agar temir yo’l chiptasini sotib olsam arzonroq tushishini aytib manzilni berishdi. U yerga metro orqali borilarkan. New Delhi Metrosi. Juda ham ulkan tizimdagi metro. Kuniga 2 millionga yaqin yo’lovchilarga xizmat qiluvchi bu metro 6 ta yo’l va 142 ta bekatga ega ekan. Menga yaqin bekatga kirishim bilan platformada poyezd turganini ko’rib qaysi tarafga ketishidan qat’iy nazar chiqishga qaror qildim J Adashmabman. To’g’ri yo’nalish. Bekatlar ancha zamonaviy qurilgan, poyezdlar esa ayni metrobop. Hatto ovozi ham eshitilmaydi.
Sariq yo'l


 Lekin poyezdga chiqishim bilanoq hamma menga ajablanib qarardi, negadir o’zim ham nimadir noto’g’riligini xis qila boshladim. Bir bekat yurganimizdan so’ng eshiklar ochilganda tashqarida turgan ayol menga keyingi vagonga chiqishimni, bundan faqatgina ayollar foydalana olishini aytdi. Atrofga qaradim. Bitta men erkak. Biroz jahlim chiqib turgani bois e’tibor bermadim, yo’limda davom etdim. Buning ustiga orada o’sha vagondagi bir qiz bilan tanishib qoldim. Undan yordam so’raganimda, u ham o’sha men ketayotgan bekatga borishi aytdi. Tayyor yo’lboshlovchini kim ham qo’ldan chiqarardi?!
Shunday qilib, “New Delhi railway station” bekatiga keldik. Tashqaridan “tabiati” yoqimsiz ko’ringan ushbu binoga kirdim…kirdim-u, Bangalorga samolyotda uchishga qaror qildim… Yuzlab odamlar va o’nlab platformaga ega bu stansiya menga “xavfli” tuyildi. O’nlab odamlar polda yotishardi, hatto ba’zilarining yuzida chivinni ham ko’rish mumkin…Xullas, bu yerdan qochdim J
New Delhi Stansiyasi

Bekatga qarama qarshi tarafning ko'rinishi

Rikshachilardan yaqin atrofdagi aviakassaga eltib qo’yishlarini so’radim. Bir “officega” bordik. Ko’rinishidan kichkina va ko’rimsiz bo’lgan bu binoda aviachipta sotilishiga avvaliga ko’zim yetmadi. Kompyuterdan menga narxni ko’rsatdi va chegirma qilib berishiniyam aytdi. Hayron bo’ldim. Ular xuddi meni aldashayotgandek tuyilardi. Pasportimga qarab ma’lumotlarni kiritdi va qo’limga bir varoq qog’oz berib mana shu chiptaligini aytdi. Eeendi rostanam “kiydirishyapti” deb o’yladim, qayerdan bilaman online buyurtma qilingan (elektron) chipta bunaqa bo’lishini J Reys aynan o’sha kunga, 4 soatlardan keyin uchadigan edi. Shoshilib ICCR tomon otlandim. Bilet nusxasini berib, yuklarimni olishim kerak edi. Eng katta muammo oldimda turganini sezdim – kelgan manzilimni bilmaymanku! Rikshachilardan ICCR ni so’rasam hech kim bilmaskan, achinarlisi metroga chiqqan bekatimni otini ham bilmasdim, 2 ta bekatdan so’ng yozib olgandim – “Mandi House Station”. Haydovchilarga aytsam, “O’sha bekatdan 2 ta pastgami yoki yuqoriga?” – deb so’rashdi. Qayerdan bilaman??? Salkam 4 soatdan so’ng uchishim kerak… O’sha Mandi House ga olib borishini so’radim. Yana o’sha mashinalar tirband ko’chalar, atay qilgandek ba’zi “kalta” yo’llardan yurganimizda yo’lning o’rtasidan ta'mirlov ishlari ketayotgan ekan… O’sha ICCRdan metro tomon ketayotganimda yaqin atrofda Jahon sog'likni saqlash tashkilotining Janubiy Osiyo filialiga ko’zim tushgandi. Yo’lda dabdaba bilan rasmiy kiyingan kishiga ko’zim tushdi-yu, u kishini o’sha binoni bilishiga ishondim. O’ylaganimdek bo’ldi, yo’lni rikshachiga tushuntirib berdi... ICCRga kelib kerakli hujjatlar nusxalarini topshirdim va yotoqxonadan yuklarimni olib ko'chaga chiqdim. Riksha to'xtatsam 150 rupiya so'radi. Men 100 rupiya berishimni aytgandim ketib qoldi. Keyin boshqa haydovchilar bilan 150 rupiyaga ham hech kelisha olmasamda! Ohiri 200 rupiyaga kelishdim :)
Xullas, shunday qilib hammasiga ulgirdim. Aeroportga ham vaqtida keldim. O’sha kuni juda katta charchoq bilan Delhini tark etdim… davomi->